Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda elektr energiyasi uzilayotgani sababi va energetika inqirozini hal qilish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Bu haqda Tazabek xabar berdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, quvvati 1860 MVt bo‘lgan Qambarota GES-1 qurilishi yakunlangach, energiya taqchilligi muammosi butunlay bartaraf etiladi.
U Qirg‘iziston bugungi kunda qo‘shni mamlakatlardan elektr energiyasini import qilishga majbur ekanini, biroq ularda ham taqchillik kuzatilayotgani va sovuq kuchayishi bilan yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini eslatdi.
Biroq qo‘shni mamlakatlardan kelayotgan elektr uzatish liniyalari doim ham ortib borayotgan yuklamani ko‘tara olmaydi, qizib ketadi va avariya xavfi ostida qoladi. Iste’mol oshganda, energetika sohasidagi mutaxassislarimiz tartibga soluvchi choralarni ko‘rishga majbur bo‘ladi. Bunday chora-tadbirlarsiz qimmatbaho uskunalarning ishdan chiqish xavfi mavjud, dedi Japarov.
Siyosatchi bitta yirik transformatorning narxi taxminan 140 million somni tashkil etishini ta’kidladi.
Tasavvur qiling, agar u yonib ketsa, avvalo, uni almashtirish uchun mablag‘ topishimiz kerak bo‘ladi. Hatto pul topilgan taqdirda ham, ishlab chiqaruvchi zavodga buyurtma asosida uni tayyorlash uchun 150 kundan ortiq vaqt kerak bo‘ladi. Buning ustiga, yetkazib berish va o‘rnatish uchun 60-80 kun atrofida vaqt ketadi. O‘sha paytga kelib qish ham tugagan bo’ladi, dedi u.
Sadir Japarov shu sababli bunday vaziyatlarning oldini olish uchun energetiklar majburan bir-ikki soatga chiroqni o‘chirib, qayta ulashlarini aytdi.
Fuqarolarimizdan buni to‘g‘ri tushunishlarini so‘rayman. Ha, ehtimol, bir-ikki soat elektr energiyasi bo‘lmaydi. Biroq bu choralar uzoqroq va og‘riqli uzilishlarning oldini olishga yordam beradi. Agar transformatorlar yonib ketsa, o‘chishlar kunlab davom etishi mumkin, dedi prezident.
U hozirda Qirg‘izistonda elektr energiyasidan tashqari, aholi foydalanadigan tabiiy gaz tanqisligi ham kuzatilayotganini bildirdi.
Gaz muammosi yonilg‘i keladigan qo‘shni davlatlarning o‘zida ham taqchillik tufayli yanada keskinlashmoqda. Quvurlarda bosim pasayishi ta’minotga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda, deya xulosa qildi u.
Izoh (1)
Тугри туш ндик