Prezident Sadir Japarov tunda shovqinni cheklovchi “Osoyishtalik to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi, deb xabar berdi Qirg‘iziston prezidentining matbuot xizmati.
Yangi qonunga ko‘ra, ish kunlari soat 22:00 dan 07:00 gacha, dam olish va bayram kunlari esa soat 22:00 dan 09:00 gacha shovqin-suron qilish taqiqlanadi.
Yangi qoidalar fuqarolarning salomatligini ortiqcha tovush bosimidan himoya qilishga qaratilgan. Shuningdek, osoyishtalikni buzishdan muhofaza qilinishi lozim bo‘lgan obyektlar va hududlar ro‘yxati, sokinlikni buzish deb hisoblanuvchi faoliyat turlari belgilanmoqda.
Fuqarolar tinchligini buzuvchi harakatlarga quyidagilar kiradi: baland musiqa, musiqa asboblarini chalish, signalizatsiyalardan, pirotexnika vositalari va ta’mirlash ishlaridan yuzaga keladigan shovqin, shuningdek ruxsat etilgan darajadan yuqori bo‘lgan boshqa tovushlar. Cheklovlar transport, savdo va ko‘ngilochar obyektlar, shuningdek, turar joy zonalariga qonunda belgilangan soatlarda amal qiladi.
“Qonunning qabul qilinishi shovqinning aholi salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish va dam olish uchun qulay sharoitlarni ta’minlash zarurati bilan bog‘liq”, deyiladi qonunga bag‘ishlangan relizda.
Qozog‘istondagi shunga o‘xshash qonunga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarda ish kunlari 22:00 dan keyin va 09:00 gacha, dam olish va bayram kunlari esa 23:00 dan 10:00 gacha shovqin qilish mumkin emas.
Izoh (0)