Afrikada chaqaloqlarda uchraydigan bezgakni davolashning ilk usuli amaliyotda qo‘llash uchun tasdiqlandi. U bir necha hafta ichida qit’a mamlakatlari bo‘ylab joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Shu paytgacha vazni 4,5 kilogrammdan kam bo‘lgan chaqaloqlar va kichik bolalar uchun maxsus davolash usullari mavjud emas edi. Ularga kattaroq yoshlilarga mo‘ljallangan davo choralari qo‘llanilgan. Bu esa chaqaloqlarga katta xavf tug‘dirgan. Jumladan, yuqori dozadagi dorilar sabab ayrim go‘daklarning jigariga shikast yetgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda bezgak sabab 597 mingga yaqin o‘lim holati qayd etilgan. Ularning deyarli barchasi Afrika qit’asiga to‘g‘ri keladi. Vafot etganlarning 3/4 qismi besh yoshgacha bo‘lgan bolalardir.
Novartis farmatsevtika kompaniyasi ishlab chiqqan yangi dori muammoga yechim berishi mumkin. U Shveysariya hukumati tomonidan ma’qullangan bo‘lib, bir necha hafta ichida bezgak bilan kasallanish darajasi eng yuqori bo‘lgan mintaqalar va mamlakatlarda qo‘llanilishi kutilmoqda. Kompaniya dorini asosan notijorat maqsadida joriy etishni rejalashtirgan.

Ba’zi mamlakatlarda Coartem Baby yoki Riamet Baby nomi bilan tanilgan dori Novartis kompaniyasi va Medicines for Malaria Venture (MMV) bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Ular Jahon banki va Rokfeller jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Afrikaning 8 davlati preparatni baholash va sinovdan o‘tkazish jarayonida ishtirok etgan. Shu bois aynan ushbu davlatlar mazkur doridan birinchilardan bo‘lib foydalanish imkoniga ega bo‘lishadi. MMV bosh direktori Martin Fitchetning aytishicha, bu bezgak keltirib chiqaradigan ulkan insoniy yo‘qotishlarga barham berish yo‘lida yana bir muhim qadamdir.
“Bezgak — dunyodagi eng halokatli kasalliklardan biri. U ayniqsa bolalar orasida keng tarqalgan. Ammo resurslarni to‘g‘ri taqsimlash va e’tibor bilan bunga chek qo‘yish mumkin”, dedi Martin.
Afrika mintaqasida 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining 76 foizi aynan bezgak bilan bog‘langan.
Izoh (0)