Ijtimoiy himoya milliy agentligi yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik nafaqalari miqdorini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning iyul oyi holatiga O‘zbekistonda yoshga doir nafaqa tayinlangan fuqarolar soni 79 238 nafarni tashkil etdi. Nogironlik nafaqasi oluvchilar 303 730 nafar, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi to‘lanayotganlar 54 177 nafarga yetgan. Agentlik xabariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich joriy yilning iyun oyiga nisbatan 2 928 nafar (0,7 foiz)ga oshgan.
Ayni paytda respublikada yoshga doir nafaqa ayollarga 60 yoshdan, erkaklarga 65 yoshdan tayinlanad. Mazkur turdagi nafaqaning bir oylik miqdori 648 000 so‘mni tashkil etadi.
Nogironlik nafaqasi esa:
- 1-guruh nogironlariga 893 000 ming so‘m;
- 2-guruh nogironlariga 800 000 ming so‘m miqdorida to‘lanadi.
Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 648 000 ming so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun — 212 000 ming so‘mdan qo‘shib nafaqa to‘lanadi.
Agentlik, qo‘shimcha maʼlumotlarni 1140 qisqa raqamlari orqali yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridan olish mumkinligini eslatib o‘tgan.
Maʼlumot uchun, 2024-yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari uchun davlat byudjetidan 4,3 trillion so‘m ajratildi. Bunda ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar o‘rtacha soni 1 million 736 mingtani tashkil etdi. Shundan 1 million 677 mingtasi bolalar nafaqasi, 58,9 mingtasi moddiy yordam olgan. Nafaqa to‘lovlari uchun jami 2 trillion 463 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Shundan 2,4 trillion so‘mi kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi, 67,5 milliard so‘mi moddiy yordam to‘lovlari uchun ajratilgan. Birinchi chorakda ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni jami oilalarga nisbatan 17,8 foizni tashkil etgan.
2024-yil may oyidan hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 648 ming so‘mni tashkil etadi. Pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori ham mazkur ko‘rsatkich bilan tenglashtiriladi.
Izoh (0)