Fransiya avtomobilsozlik va mudofaa kompaniyalari Ukraina hududida dronlar ishlab chiqarmoqchi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Fransiya jamoat radiosi 8-iyun kuni avtomobil ishlab chiqaruvchi Renault Group Ukrainada dron ishlab chiqarishini ommaga ma’lum qilgan. Fransiya qurolli kuchlari vaziri Sebastyan Lekornu buni “har ikki tomonga foyda keltiradigan loyiha” deb atagan.
“Biz mutlaqo misli ko‘rilmagan hamkorlikka kirishmoqchimiz. Unda fransuz avtomobillarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya Ukraina bilan o‘z kuchlarni birlashtiradi. Dronlar ukrainaliklar uchun mo‘ljallanadi, biroq biz ularni o‘z fransuz armiyamizga ham taqdim etmoqchimiz. Shunda doimiy taktik va tezkor tayyorgarlikka ega bo‘lamiz. Ekspertlik va ishchi kuchiga kelsak, ishlab chiqarish ukrainaliklarning zimmasida bo‘ladi: ular dronlar ishlab chiqarishda bizdan mohirroq”, dedi vazir.
5-iyun kuni Bryusselda Ukraina va Fransiya mudofaa vazirlari o‘rtasida Ukraina mudofaa ehtiyojlari uchun qurollarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi.
“Biz bu imkoniyatni eng yaxshi ishlab chiqaruvchilarga taklif qilishga tayyormiz. Ukraina jangovar tajribaga, Fransiya esa mustahkam sanoat bazasiga ega. Bu strategik va o‘zaro manfaatli hamkorlikdir” deya ta’kidladi Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umariyerov.
Fransiya armiyasida bir necha ming dron (armiya uchun 3 ming) bo‘lsa-da, Ukraina 2025-yilgacha 4,5 milliondan ortiq dronlardan foydalanmoqchi. Ular front chizig‘idagi dushman texnikasining 70 foizini yo‘q qiladi.
NATO shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan 28-Ramshtayn yig‘ilishida Ukraina va uning hamkorlari ham qurol ishlab chiqarish mexanizmini yo‘lga qo‘yishga qaror qilgandi.
Finlyandiya ukrainaliklar bilan hamkorlikda Ukraina va Yevropa Ittifoqi uchun dronlar ishlab chiqarish zavodini tashkil etgan. Ommaviy ishlab chiqarish 2025-yilda boshlanishi rejalashtirilgan. Niderlandiya dronlar texnologiyasini rivojlantirish va Ukraina mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlash uchun 700 million yevro (798 million dollar) sarmoya kiritishini e’lon qilgan.
Buyuk Britaniya, shuningdek, 2025-yilda Ukraina uchun dronlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun yuz millionlab dollar sarmoya kiritmoqda. Norvegiya ham o‘z mablag‘larini Ukraina dronlarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirgan.
Izoh (0)