AQSH Savdo vakilligi rasmiysi, JST va ko‘p tomonlama aloqalar bo‘yicha direktor hamda O‘zbekistonni JSTga qabul qilish hayʼati rahbari Olya Luchin O‘zbekistonga tashrifi va undan olgan taassurotlari bilan bo‘lishdi.
Oliy vakil Toshkentda ko‘plab rahbariyat vakillari bilan uchrashgani, mazmunli muloqotlar bo‘lganini haqida yozgan, O‘zbekistonning xalqaro tashkilot sari qadamlari va islohotlarini yuqori baholagan.
“Yaqinda men Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vakili Ketrin Tay va agentlikdagi bir necha hamkasblarim bilan O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) aʼzo bo‘lish va bu borada olib borilayotgan islohotlar, oiladagi zo‘ravonlikni javobgarlikka tortish, O‘zbekiston paxta sanoatida amalga oshirilayotgan muhim mehnat islohotlari kabi masalalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldim.
Tashrifim davomida O‘zbekistonning o‘z xalqi farovonligi yo‘lida barcha darajadagi ichki o‘zgarishlarni amalga oshirishga bo‘lgan kuchli intilishi va ko‘plab sohalarda rivojlanishning hozirgi holati haqida olgan maʼlumotlarimdan nihoyatda hayratga tushdim.
Aynan shu safargi tashrifim O‘zbekiston hukumatining Jenevada aytgan JSTga aʼzo bo‘lish ular uchun ustuvor vazifa ekanligi haqidagi bayonotlarini men uchun ham tasdiqladi. O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil iyundagi qabul qilingan farmoni bilan men bu hukumat to‘g‘ri yo‘nalishda qadam tashlayotganini ko‘rdim va Jenevada ko‘tarilgan ko‘plab masalalarni hal qilishni boshlashga tayyorligini eʼtirof etdim”, — deya safari haqida fikr bildirgan Olya Luchin.
AQSH rasmiysi Toshkentga tashrifi davomida ko‘plab davlat va nodavlat muassasalariga tashrif buyurganini bildirgan. Shuningdek, JST bo‘yicha yangi bo‘lim ish olib borayotgani, uning tarkibida 40 dan ortiq ekspertlar borligi taʼkidlangan.
“Safar chog‘ida JST masalalari bo‘yicha prezident maxsus vakilining yangi binosi, O‘zbekiston O‘simliklarni himoya qilish va karantini agentligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Davlat bojxona qo‘mitasida bo‘lish imkoniga ega bo‘ldim. Shuningdek, davlat karantin va sinov laboratoriyalarida bo‘ldim, u yerda yaqinda joriy etilgan yangi texnologiyalar bilan tanishdim.
Bir yil davomida O‘zbekistonda Prezident administratsiyasi qoshida JST bo‘yicha yangi bo‘lim tashkil etilgan, unda hukumat bo‘yicha 40 dan ortiq ekspertlar bor. Turli idoralardagi ko‘plab yosh mutaxassislarga yaqin kelajakda JSTga aʼzo bo‘lish bo‘yicha umumiy maqsadga erishish uchun bir idorada birgalikda ishlash imkoniyati berilgani meni juda ilhomlantirdi.
Boshqa idoralarga tashriflarim davomida o‘zbeklarning savdo bilan bog‘liq tartib-qoidalarining avtomatlashtirilganligi, ayniqsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va savdogarlar uchun maʼlumotlarning onlayn mavjudligi, qog‘ozsiz muhitni targ‘ib qilish va barcha operatsiyalar uchun elektron to‘lovlardan foydalanish imkoni mavjudligini bilib, juda lol qoldim.
Masalan, O‘simliklarni himoya qilish va karantini agentligi vakili menga yerni, tuproqni tekshirish rejalarini, ruxsatnomalar va sertifikatlar olish tartib-qoidalarini avtomatlashtiruvchi onlayn tizimini namoyish qilib berdi. Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi kabi ham O‘zbekiston 100 dan ortiq mamlakatlar bilan savdo qilish uchun elektron fitosanitariya sertifikatlarini taqdim etadi. O‘zbekistonning tuproq tahlilini o‘tkazish imkonini beruvchi ko‘chma laboratoriyalarini ko‘rish ham qiziqarli bo‘ldi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligida ixtiyoriy sinovlarni amalga oshiradigan milliy laboratoriyaga tashrif buyurdim. O‘zbekistonliklar milliy laboratoriyadan tashqari akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy laboratoriyalardan ham foydalanish imkoniyatiga ega.
Davlat bojxona qo‘mitasida bo‘lganimda uning rahbariyatining so‘nggi bir necha yil ichida bojxona rejimini isloh qilganidan mamnunligi meni ruhlantirdi. Ular onlayn tizimni sotib olish kabi oson, ammo qimmat variantni tanlamay, qisqa vaqt ichida O‘zbekistonning o‘z platformasini ishlab chiqqan IT-mutaxassislarini yollashgan. Endi esa hukumat qo‘shni davlatlarga o‘z tizimlarini modernizatsiya qilishda yordam berishi mumkin.
Barcha bojxona tartib-taomillari to‘liq avtomatlashtirilgan, hujjatlar bilan deklaratsiyalar elektron shaklda rasmiylashtiriladi, to‘lovlar faqat onlayn rejimda qabul qilinadi. Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati avtomatlashtirish korrupsiyaga qarshi kurashishda qanday yordam berganini taʼkidladi. Misol uchun, barcha tovarlar bo‘yicha qo‘llaniladigan tariflarni pasaytirish davom etayotganiga qaramay, uning tizimlari avtomatlashtirilgandan so‘ng bir yil ichida bojxona yig‘imlaridan tushgan daromad uch baravar ko‘paygan. Safarim davomida men O‘zbekiston JSTga aʼzo bo‘lish jarayonida AQShning izohlari asosida qanday aniq o‘zgarishlar qilganini ko‘rdim va ularning boshqa tavsiyalarni ko‘rib chiqishga tayyorligini yuqori baholadim”, — degan Savdo vakilligi rasmiysi.
Olya Luchin O‘zbekistonning turli shaharlaridagi go‘shtni qayta ishlash va parrandachilik zavodlariga tashrifi haqida maʼlumot bergan. Bu tarmoqda O‘zbekistonning AQSH bozoriga kirish imkoniyatlarini tahlil qilgan.
“Elchi Tay va AQSH delegatsiyasining boshqa aʼzolari Xalqaro mehnat tashkiloti inspektorlari va jamoalar, mehnat rahbarlari bilan uchrashar ekan, men Toshkentdagi “Promeat Group Corp” go‘shtni qayta ishlash zavodi va “Eko Agro Product” muzlatgichli kamerasiga tashrif buyurish imkoniga ega bo‘ldim. Samarqanddagi eng yirik parranda go‘shti ishlab chiqaruvchisi Navobod Naslli Parranda (NNP) birlashmasida bo‘ldim. Tashrifimiz oldidan birlashma egasi elchi Tay va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan davra suhbatida ishtirok etdi.
Shunisi eʼtiborga loyiqki, parrandachilik sohasi ishlab chiqaruvchilari Jenevada qishloq xo‘jaligini subsidiyalash bo‘yicha muhokamalar holati haqida so‘rashdi, chunki ular ham hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Amerika Qo‘shma Shtatlaridan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda kundalik inspeksiya faoliyatini olib borish va mahalliy sanoatning oziq-ovqat xavfsizligini tartibga soluvchi meʼyoriy talablarga muvofiqligini tekshirish uchun davlat inspektori mavjud emas. Ishlab chiqaruvchilar xususiy inspektorlar orqali xavfsizlikni kafolatlaydi va hukumat faqat rejali tekshirish yoki aholidan shikoyat bo‘lsa, ishtirok etadi” , - deya munosabat bildirgan Olya Luchin.
Oliy vakil o‘z xotiralari yakunida O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva tashabbuslari, O‘zbekistonda ayollarni rag‘batlantirish borasidagi harakatlar samaradorligi haqida fikr bildirgan. JST talablariga muvofiq keluvchi so‘nggi islohotlar O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘lishini izhor qilgan.
“Safar davomida o‘zbeklarning mehmondo‘stligi, iftixori va kasbiga bo‘lgan ishtiyoqi meni hayratda qoldirdi. Men hatto O‘zbekiston Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyevaning xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirishga bo‘lgan kuchli intilishi, o‘zbeklar tomonidan bolalar bog‘chalari qurish va sifatli bolalar parvarishi tizimi tashkil qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida boxabar bo‘lish imkoniga ega bo‘ldim, ayniqsa ayollarga berilayotgan bunday rag‘bat ularni mehnat bozoriga olib kiradi.
O‘zbekistonga tashrifim kutganimdan ham ortiq bo‘ldi. Umid qilamanki, O‘zbekiston o‘z surʼatini saqlab qoladi va rivojlantiradi hamda ularga JST qoidalari va tartiblarini to‘liq tatbiq etish va kelajakda ko‘p tomonlama savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish imkonini beradigan JSTga mos huquqiy bazani ishlab chiqishda davom etadi”, — deya so‘zini yakunlagan O‘zbekistonni JSTga qabul qilish hayʼati raisi Olya Luchin.
Izoh (0)