Neuralink innovatsion miya implanti va sun’iy intellekt tufayli falaj bemor Bred Smit muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

U amiotrofik lateral skleroz kasaliga duchor bo‘lgan. Hastalik harakatni boshqaruvchi nerv hujayralariga zarar yetkazadi. oqibatda odam asta-sekin harakat qila olmay qoladi.
Neuralink implanti o‘rnatilishidan oldin, bemor muloqot qilish uchun ko‘zni kuzatish texnologiyasidan foydalangan. Ammo unda bir qancha muammolar qayd etilgan.
“Bu texnika mo‘jizasi edi. Texnologiya qorong‘i xonada yaxshi ishlashi sababli asosan qorong‘ida yotar edim, go‘yoki Betmenga o‘xshab. Yorug‘ muhit tizimni ishdan chiqarardi, bu esa muloqotni sekinlashtirar va ba’zan imkonsiz qilib qo‘yardi. Neuralink menga yorug‘ olamga chiqishga yordam berdi”, dedi Smit o‘zining X tarmog‘ida.
Smit dunyo bo‘ylab Neuralink miya-kompyuter interfeysini o‘rnatgan uchinchi shaxsdir. Taxminan beshta tanga qalinligidagi qurilma uning bosh suyagida joylashgan. U neyronlardan signallarni qabul qilib, ularni simsiz ravishda bemorning kompyuteriga uzatadi. Keyin kompyuter bu signallarni analiz qilib, Smitga kursorni ekranda o‘z fikrlari bilan harakatlantirish imkonini beradi.

“Miyamga o‘rnatilgan Neuralink implanti har 15 millisekundda neyronlarni ishga tushiradigan 1024 ta elektrodni o‘z ichiga oladi va juda ko‘p ma’lumotlarni yaratadi. Neuralink mening fikr yoki o‘ylarimni o‘qimaydi. Kompyuterimda sun’iy intellekt ushbu ma’lumotlarni real vaqt rejimida aks ettiradi”, deydi Smit.

Neuralink Smitga oilasi va dunyo bilan muloqot qilishning yangi usullarini taqdim etgan. Endi u bolalari bilan o‘yinlar o‘ynab, avvalgidan tezroq muloqot qila oladi. Muloqotni yanada tezlashtirish uchun Smit milliarder Ilon Maskning sun’iy intellekt chatboti — Grok’dan foydalanadi. U bemorga javob yozishda yordam beradi.

Izoh (0)