Kimdir issiqqa chidamli, boshqaning organizmi esa yuqori haroratni ko‘tara olmaydi. Siz ishlaydigan ofisda ham konditsioner pulti uchun kurash har kuni takrorlanadimi? Buning ustiga ob-havo tobora isib bormoqda.
Hamkasblaringiz o‘rtasida nizolar yuzaga kelmasligi uchun barcha uchun birdek ma’qul keladigan bir layfhak o‘ylab topdik, axir, o‘ta past darajada ishlayotgan konditsioner haqiqatan ham turli kasalliklarga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislar konditsioner harorat rejimini tashqaridagi ob-havoga qarab tanlashni maslahat beradi. Agar ko‘chada +30 va xonada +16 daraja issiq bo‘lsa, bu nafaqat sovuq qotishga, balki qon bosimining oshishiga va yurak faoliyatiga ham tahdid soladi. Tavsiya etilgan xavfsiz harorat farqi 5 darajadir. Konditsioner +25 darajada bo‘lsa ham xonada kerakli salqinlik ta’minlanadi va salomatlikka xavf tug‘dirmaydi.
Salqin havoni xush ko‘rmaydiganlar uchun ofisga issiq paypoq, yengi uzun kiyim yoki poncho olib borishni tavsiya qilamiz. Issiq qahva yoki choy ham yordam beradi. Atrofdagi xodimlar bilan bahslashishga ne hojat? Issiq kunlar o‘tib ketadi, ammo jamoada birdam bo‘lib ishlamaslik ish faoliyatining samarasiga ta’sir beradi.
Bundan tashqari, konditsioner yoqilgan ofis havosi muntazam ravishda almashtirib turilishini unutmaslik lozim. Xonadagi kislorod miqdori kamayib ketsa, organizm o‘zini yomon his qila boshlaydi: bosh og‘riydi, uyquchanlik, charchoq bezovta qilib, nafas olish qiyinlashadi va bularning bari ish sifatida aks etadi.
Izoh (0)