Yaxshi odatlarni an’anaga aylantirish hamda to‘g‘ri ozish qoidalariga amal qilish ortiqcha vaznni yo‘qotish uchun mustahkam asos bo‘ladi. Bugun shifokor-terapevt va nutritsiologlar tavsiya etadigan eng samarali yechim — organizmda kaloriya tanqisligini yaratish haqida suhbat quramiz.
Kaloriya tanqisligi nima?
Internetda va boshqa manbalarda ozish hamda muvozanatli bo‘y va vaznga erishish uchun millionlab tavsiyalarni topish mumkin. Ammo ortiqcha kilogrammlarni yo‘qotishning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri kunlik kaloriya miqdorini kamaytirish, ya’ni defitsitni yaratish hisoblanadi.
Agar organizmda parchalanadigan kundalik kaloriyalardan kamroq kaloriyali mahsulotlarni iste’mol qilsangiz, tanangizda kaloriya tanqisligini hosil qilasiz. Bu holat energiya tanqisligi deb ham ataladi, chunki kaloriyalar issiqlik yoki energiya birligidir. Ko‘plab insonlar har kuni o‘z vaznini mo‘tadil saqlab qolish uchun keragidan ortiq kaloriya iste’mol qiladi. Doimiy ravishda organizm qabul qilgan qo‘shimcha kaloriyalar yog‘ ko‘rinishida tanada to‘plana boshlaydi. Bu esa tabiiy ravishda vazn ortishiga olib keladi.
Agar tartibli va hisob-kitobga rioya qilgan holda kaloriya tanqisligini yaratsangiz, organizm tanada saqlanib qolgan yog‘lardan energiya ola boshlaydi. Bunday yog‘lar, asosan, oyoqning son qismida, qorin bo‘shlig‘ida to‘planadi.
Kaloriya tanqisligini qanday yaratish mumkin?
Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish hamda 1 kg tashlash uchun bir haftada 1750 kaloriya tanqisligi kerak. Kaloriya iste’molini kamaytirish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling:
- kundalik iste’moldagi oziq-ovqat hajmini kamaytirish;
- gazaklar sonini cheklash;
- past kaloriyali taomlarni tanlash.
Kaloriya tanqisligi parhezining o‘ziga xos xususiyatlari
Taomnomada quyidagi mahsulotlar bo‘lmasligiga diqqat qiling:
- qandolat mahsulotlari;
- non mahsulotlar;
- yog‘li go‘sht;
- yarim tayyor mahsulotlar;
- tez pishar taomlar (fastfud).
Har qanday parhezni ishlab chiqish murakkab va individual jarayon bo‘lib, bo‘y, vazn, jins, yosh, ayrim kasalliklarning mavjudligi, irsiy semizlikka moyillik, kasbiy faoliyatning xususiyatlari va kunlik energiya iste’mol darajasi hisobga olinishi lozim. Bunda sizga professional nutritsiolog yoki diyetolog yordam beradi. Faqatgina ushbu omillarning barchasini tahlil qilish orqali siz nafaqat ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga, balki sog‘lig‘ingizni yaxshilashga yordam beradigan parhezni ishlab chiqishingiz mumkin.
Izoh (0)