Tibbiyotda demensiya deb nomlangan kasallik mavjud bo‘lib, unga chalingan insonlar miyasida fikrlash, qaror qabul qilish funksiyasi hamda xotira yo‘qoladi. Demensiya aqliy qobiliyatning sezilarli darajada pasayishi bilan namoyon bo‘ladi.
Uning rivojlanishiga Alsgeymer, Parkinson, qon-tomir kasalliklari va boshqalar sabab bo‘lishi mumkin, shuningdek, immun tizimi faoliyatining buzilishi va genetik moyillik ham demensiya paydo bo‘lishini keltirib chiqarishi mumkin.
Demensiya mashhurlarni ham chetlab o‘tmagan. Quyida aqliy zaiflikka qarshi kurashib kelayotgan taniqli insonlarni yodga olamiz.
Ronald Reygan
Gollivud aktyori va AQSHning 40-prezidenti Ronald Reygan 2004-yilda 93 yoshida Alsgeymer kasalligidan vafot etgan. Uning ayoli Nensi aktyor so‘nggi o‘n yili davomida ushbu kasallikdan aziyat chekkanini va xastalik o’limiga sabab bo‘lganini aytgan.
Shon Konneri
Maxsus agent Jeyms Bond obrazi bilan mashhur bo‘lgan shotlandiyalik aktyor 2020-yilda 90 yoshida vafot etdi. U umrining so‘nggi vaqtlarida demensiya kasalligi bilan kurashgan. Aktyorning o‘limiga yurak yetishmovchiligi va pnevmoniya sabab bo‘lgan.
Margaret Tetcher
“Temir xonim” yoki lavozimida eng vaqt qolgan Buyuk Britaniya bosh vaziri 2002-yilda bir nechta mikroinsultlarni boshdan kechiradi, bu uning hayotini sezilarli darajada buzadi. Sog‘lig‘i sabab Tetcher karyerasidan ketadi, siyosiy masalalarda kamroq qatnasha boshlaydi. U umrining so‘nggi vaqtlarida demensiya kasalligidan aziyat chekib, 2013- yilda 87 yoshida vafot etdi.
Robin Uilyams
Amerikalik aktyor va komediyachi qisqa umri davomida yuzdan ortiq filmlarda suratga tushgan. Uilyams Minnesota shtatidagi Hazelden reabilitatsiya markazida giyohvandlik va alkogolizmdan davolangan. Shuningdek, u depressiya bilan kurashgan va 2014-yil 63 yoshida o’z joniga qasd qilgan.
Uning rafiqasi Syuzan Shnayder so‘zlariga ko‘ra, aktyor o‘limidan keyin tibbiy ekspertiza o‘tkazilib, uning hayot vaqtdagi holatlari sabablari aniqlangan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, uning tanasida demensiya kasalligining bir turi aniqlangan. Bu kasalikka chalingan odamlarda fikrlash funksiyalari pasayishi, uyqu rejimi buzilishi, sekin harakat qilish va titrash holatlari uchraydi.
Piter Folk
“Kolombo”, “Sharqqa yo‘l” kabi detektiv filmlari bilan mashhur bo‘lgan aktyor va komediyachi Piter Folkga 2008-yili Alsgeymer tashxisi qo‘yilgan. 2011-yili shu kasalik sabab 83 yoshida vafot etgan.
Bryus Uillis
2022-yili demensiya tashxisi qo‘yilganidan keyin Bryus Uillisning oilasi uni aktyorlikdan ketishini e’lon qildi. 2023-yilga kelib Bryusga afaziya tashxisi qo‘yilganini e’lon qilindi va kasallik yanada avj oldi. Frontotemporal demensiya tashxisi qo’yilgani haqidagi qayg’uli xabarni ijtimoiy tarmoqda ko‘plab munozaralarga sabab bo‘ldi. Demensiyaning bu turi xotira yo‘qolishidan tashqari xatti-harakatlarga ta’sir qiladi va bemor muloqot qila olmaydi.
Vendi Uilliams
Amerikalik teleboshlovchi va aktrisa haqida 2024-yil 2-fevralda e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, 59 yoshli Vendi Uilliams demensiya kasalligi bilan og‘rigan. Eng hayratlanarli jihati esa, uning kasalligi Bryus Uillisnikiga o’xshaydi. Unda so’nggi yillarda noto‘g‘ri xatti-harakatlar, so‘zlaridan adashish, ko‘plab narsalarni tushunishda qiyinchilik kabi holatlar uchradi. Aktrisaga aniq tashxis 2023-yilda qo‘yildi. Afsuski, hozirga qadar bu kasalikning davosi topilmagan.
Izoh (0)