Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashishi natijasida neftning bir barrel narxi 150 dollargacha, gaz narxi esa to‘rt barobargacha qimmatlashishi mumkin. Bu haqda Qatar energetika vaziri Saad al-Kaabi The Financial Times gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, agar tankerlar Hormuz bo‘g‘ozidan o‘ta olmasa, bu holat ikki-uch hafta ichida yuz berishi mumkin.
Uning ogohlantirishicha, AQSH va Isroilning Eron bilan urushi “jahon iqtisodiyotini qulatishi” mumkin. Agar Fors ko‘rfazidagi barcha energiya eksportchilari bir necha kun ichida qazib olishni to‘xtatsa, neft narxi rekord darajaga yetadi.“Agar tankerlar Hormuz bo‘g‘ozidan o‘ta olmasa, neft narxi ikki-uch hafta ichida bir barrel uchun 150 dollargacha, gaz narxi esa Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanishidan avvalgi darajaga nisbatan deyarli to‘rt baravarga — soatiga 1 MVt uchun 117 yevrogacha ko‘tarilishi mumkin”, dedi al-Kaabi.
Biroq Eron droni mamlakatdagi eng yirik suyultirilgan tabiiy gaz (STG) zavodiga zarba bergach, mojaro zudlik bilan to‘xtatilgan taqdirda ham, Qatarning normal ta’minot sikliga qaytishi uchun “bir necha haftadan bir necha oygacha” vaqt talab etiladi.
Kaabining fikricha, Fors ko‘rfazi mamlakatlari o‘z shartnoma majburiyatlarini bajara olmaydi.“Qatar Eron zarbalari oqibatlarini hali to‘liq baholagani yo‘q, uskunalarni ta’mirlashga qancha vaqt ketishi hozircha noma’lum”, dedi u.
Vazirning ta’kidlashicha, inqiroz davrida energiya manbalari narxi hamma uchun oshadi.“Biz vaziyat hal bo‘lmaguncha, hali fors-major e’lon qilmaganlarning barchasi yaqin kunlarda shunday qilishini kutyapmiz. Fors ko‘rfazi mintaqasidagi barcha eksportchilar fors-major e’lon qilishga majbur bo‘ladi. Agar bu amalga oshirilmasa, qachondir kompaniyalar ushbu qaror uchun qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi va bu ularning tanlovi”, deb hisoblaydi Qatar energetika vazirligi rahbari.
28-fevral kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi “keng ko‘lamli harbiy amaliyot” boshlanganini e’lon qildi. Shu kuni Isroil Tehrondagi bir qator obyektlarga, jumladan, oliy rahnamo idorasi yaqiniga zarbalar berdi. Hujumlar oqibatida Xomanaiy vafot etdi.“Ayrim tovarlar taqchilligi yuzaga keladi va bu zanjir reaksiyasini keltirib chiqaradi. Natijada ko‘plab zavodlar yetkazib berishni ta’minlay olmaydi”, deydi al-Kaabi.
Bunga javoban Eron Isroil tomon 30 ga yaqin ballistik raketa uchirdi. Bir vaqtning o‘zida AQSHning Yaqin Sharqdagi bazalariga, qo‘shni davlatlardagi mehmonxonalar, aeroportlar va boshqa obyektlarga zarbalar berdi. Shuningdek, Eron droni Qatardagi eng yirik suyultirilgan gaz ishlab chiqarish zavodiga ham hujum qildi.
Dunyoning eng yirik suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan QatarEnergy shundan so‘ng suyultirilgan tabiiy gaz (STG) va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni to‘xtatib, shartnomalar bo‘yicha fors-major e’lon qildi.
Shuningdek, Eron jahon uglevodorod savdosining eng yirik transport markazi bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozini yopishini ham e’lon qildi. Natijada neft narxi bir barrel uchun 88 dollargacha ko‘tarildi. Savdolarning har kungi ochilish narxlari oldingi sessiyaning yopilish narxlaridan ancha yuqori bo‘lmoqda.








