Daryo

Eron Hormuz bo‘g‘ozi uchun yangi protokol tuzishni ilgari surdi

Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH va Isroil bilan davom etayotgan urush tugashi bilan yangi hujjat ishlab chiqishni taklif etdi.

1 daqiqa o‘qish9 831 ko‘rishlar0 izoh5

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi davom etayotgan urush yakunlanganidan so‘ng, Fors ko‘rfazi sohilidagi davlatlar Hormuz bo‘g‘ozi uchun yangi protokol ishlab chiqishi zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu chora strategik suv yo‘li orqali xavfsiz harakatlanishni Eron va mintaqa manfaatlariga mos keladigan muayyan shartlar asosida ta’minlashga qaratilgan.

Eron ayni paytda global neft va suyultirilgan gaz hajmining beshdan bir qismi o‘tadigan ushbu hayotiy muhim energiya darvozasini yopib qo‘ygan. Rasmiy Tehron AQSH, Isroil va ularning hamkorlariga “bir litr ham neft yetib borishiga yo‘l qo‘ymasligini” ma’lum qilgan. Biroq “dushman bo‘lmagan davlatlar” uchun neft tranziti ochilgan.

Eron parlamenti spikeri 17-mart kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot berib, Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat endi hech qachon urushdan oldingi holatiga qaytmasligini aytdi.

AQSH bo‘g‘oz orqali o‘tayotgan kemalarni kuzatib borish uchun harbiy-dengiz koalitsiyasini tuzishga urinmoqda. Biroq NATO davlatlarining aksariyati Eronga qarshi harbiy operatsiyalarda ishtirok etishni istamayotganini bildirdi. Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp bu ahmoqona xato ekanini aytdi va bu borada hech kimning yordamiga muhtoj emasligini qayd etdi.

NATO a’zosi bo‘lgan Fransiya esa bo‘g‘oz orqali o‘tish xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shma xalqaro koalitsiya masalasini faqat o‘t ochishni to‘xtatish rejimi o‘rnatilgach va Tehron bilan dastlabki muzokaralar o‘tkazilgachgina ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.

Hormuz nima uchun muhim?

Hormuz bo‘g‘ozi dunyodagi eng muhim energiya “arteriyasi” hisoblanadi. Hozirda ushbu hudud Eron va unga qo‘shni bo‘lgan Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi asosiy qarama-qarshilik nuqtasiga aylangan.

U Eron va Ummon o‘rtasida joylashgan bo‘lib, Fors ko‘rfazini Arab dengizi bilan bog‘laydi. Kengligi eng tor nuqtasida atigi 39 kilometr (21 dengiz mili). Bu yerdan kuniga 20 milliondan 21 million barrelgacha neft o‘tkaziladi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar