Isroil prezidenti Isxak Gersok Eron bilan davom etayotgan urush qachon tugashi borasida aniq muddatni aytishdan tiyildi. U urushda “yakuniy natijaga erishish” muhimligini aytdi. Bu haqda Gersokning Bild gazetasiga bergan intervyusiga tayanib, Reuters xabar berdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroilning Eronga hujumlari Yaqin Sharqdagi vaziyatni o‘zgartirmoqda. U Eronning neft obyektlariga berilgan zarbalarni Tehronning “urush mashinasi”ni ta’minlovchi mablag‘larni qisqartirish usuli sifatida oqladi.
Biroq Vashington Isroilni Erondagi neft va energetika infratuzilmasiga zarba bermaslikka chaqirmoqda. AQSH pozitsiyasiga ko‘ra, bunday hujumlar tinch aholiga zarar yetkazishi, global neft narxining keskin oshishiga olib kelishi va Fors ko‘rfazi davlatlaridagi obyektlarga nisbatan javob qaytarilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati urush yakunlangach, Eron bilan neft sektorida hamkorlik qilish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar avvalroq mamlakati cheksiz urush olib borishni rejalashtirmayotgani va uni qachon to‘xtatish masalasida Vashington bilan maslahatlashayotganini aytgandi.
“Mintaqa va butun dunyoda tartibsizlik va terrorni aynan eronliklar tarqatmoqda. Shu bois, nazarimda, agar biz hamma narsani shoshilinch o‘lchaydigan bo‘lsak, hech qayerga yeta olmaymiz. Chuqur nafas olib, yakuniy natijaga erishishimiz lozim”, dedi Isroil prezidenti.
O‘z navbatida Trampning maslahatchilari uni Eron bilan urushdan chiqishga undamoqda. Ular neft narxining oshishi va mojaroning cho‘zilishi Tramp uchun siyosiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini aytgan. AQSH prezidentiga urush bo‘yicha ayrim jamoatchilik so‘rovlari natijalari ham taqdim etilgan. So‘nggi kunlarda e’lon qilingan so‘rovlar amerikaliklarning aksariyati urushga qarshi ekanini ko‘rsatmoqda.








