Yaqin Sharqdagi neft va gaz qazib olish obyektlariga uyushtirilgan hujumlarning kuchayishi fonida 19-mart kuni jahon bozorida yonilg‘i narxi keskin ko‘tarildi. Bunga Eronniung 18-mart kuni mintaqadagi energetika infratuzilmalariga zarbalarni ko‘paytirib, Qatardagi dunyoning eng muhim suyultirilgan tabiiy gaz (STG/LNG) markazlaridan biri — Ras Laffan inshootiga hujum qilgani sabab bo‘ldi.
Payshanba, 19-mart kungi savdolarda global etalon hisoblangan Brent nefti narxi deyarli 7 foizga o‘sib, bir barreli uchun 114,7 dollarni tashkil etdi. Bir kun oldin esa, ushbu marka 107,38 dollarga teng bo‘lib, 2022-yil iyul oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan edi. AQSHning WTI brendli nefti esa 0,3 foizga qimmatlab, 95,8 dollarga yetdi.
Yevropada tabiiy gaz narxlari bir kunda 16,5 foizga oshdi. 28-fevralda urush boshlanganidan buyon qit’ada gaz narxi ikki baravarga ko‘tarildi.
QatarEnergy kompaniyasining ma’lum qilishicha, dunyodagi eng yirik STG obyekti hisoblangan Ras Laffan inshooti 12 soat ichida Eronning ikki marta raketa hujumiga uchrab, jiddiy zarar ko‘rgan. Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, bu markaz jahon bozori uchun strategik ahamiyatga ega.
Ushbu hujumlar Isroilning Eron hududidagi energetika obyektlariga, xususan, dunyodagi eng yirik gaz koni bo‘lmish “Janubiy Pars”ga (Eron va Qatar o‘rtasida taqsimlangan) uyushtirgan zarbalaridan so‘ng sodir bo‘ldi. Bu urush boshlangandan beri Eron energetika infratuzilmasiga qilingan ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum bo‘lib, urushda keskin eskalatsiyani anglatadi.
Wood Mackenzie tahliliy kompaniyasi Ras Laffandagi vayronagarchiliklar global gaz bozori manzarasini tubdan o‘zgartirishini ta’kidlamoqda. Unga ko‘ra, gaz yetkazib berishdagi uzilishlar kamida ikki oy davom etishi mumkin.
QatarEnergy 2-martdan ishlab chiqarishni to‘xtatgani sababli global STG yetkazib berish hajmi allaqachon beshdan bir qismga qisqargan.
Eron Saudiya, Qatar va BAAga yangi zarbalar berish bilan tahdid qildi. Ayni paytda Ar Riyoddagi ikkita neftni qayta ishlash zavodi ham hujumlar ostida qolgan. Kuvayt davlat neft korporatsiyasi (KPC) 19-mart tongida dronlar hujumi oqibatida ikkita zavodda yong‘in chiqqanini, biroq ular o‘chirilganini ma’lum qildi.
Rystad Energy vitse-prezidenti Aditya Sarasvatning so‘zlariga ko‘ra, bunday hujumlar davom etsa, neft narxi yana kamida 10 dollarga qimmatlashadi. Hozirda savdo kemalariga hujumlar tufayli jahon neft va gazining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi tankerlar uchun deyarli yopilgan.








