Amerika Qo‘shma Shtatlari Eronga qarshi keng ko‘lamli amaliyot boshladi. Bu haqda Donald Tramp Truth Social’dagi sahifasiga joylashtirilgan 8 daqiqalik videomurojaatida ma’lum qildi.
“Biz Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotni boshladik, biz shafqatsiz Eron rejimining tahdidini yo‘q qilamiz”, deb ta’kidlagan Oq uy rahbari.
Tramp Vashington endi “bunga toqat qilolmasligini” ta’kidlab, Eronni yadro quroliga ega bo‘lish imkoniyatidan mahrum qilish uchun “g‘amxo‘rlik qilishiga” ishontirgan.
28-fevral kuni Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Eronga zarba berganini ma’lum qildi. Fars agentligining xabar berishicha, SAHAL raketalari Tehronning Daneshgoh shohko‘chasi va Jomhuriy tumaniga kelib tushgan. Shuningdek, Pastur tumanida ham portlash kuzatilgan.“Eron politsiyasi va xavfsizlik kuchlariga murojaat qilaman: qurolingizni zudlik bilan tashlang, aks holda muqarrar o‘limga yuz tutasiz. Eron xalqi, ozodlik soati yaqinlashmoqda. Uylaringizda qoling va ko‘chaga chiqmang, tashqari xavfli. Biz ishni yakunlagach, o‘z hukumatingizni o‘zingiz boshqarasiz. Bu rejimni ag‘darish uchun sizning yagona imkoniyatingiz bo‘ladi”, deydi Oq uy rahbari o‘z bayonotida.
- Vashington va Tehron o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishi
Tramp Erondan yadro dasturi bo‘yicha bitim tuzishni talab qilmoqda. Aks holda, Islom respublikasini o‘tgan yozdagidan ancha kuchliroq hujum kutayotganidan ogohlantirdi.
Tehron garchi bu urushga olib kelsa ham, tinchlik maqsadlarida uranni boyitish huquqiga ega ekanini qat’iy ta’kidlab, har qanday hujumga, jumladan, mamlakat hududiga beriladigan cheklangan zarbaga ham javob qaytarishini bildirdi.
27-fevral kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida AQSH va Eron o‘rtasida Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdagi muzokaralar yakunlandi. Vositachi sifatida ishtirok etgan Ummon tomoni uchrashuvda muayyan siljishlar borligini bildirgan bo‘lsa-da, tomonlar yakuniy kelishuvga erisha olmadi.
AQSH va Isroilning Eronga hujumi haqida eng so‘nggi yangiliklarni Daryo — LIVE Telegram kanalida kuzatib boring.








