Isroil rasmiylari 16-mart kuni Eronga qarshi davom etayotgan urush bo‘yicha kamida yana uch haftalik batafsil operatsion reja borligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Isroil aviatsiyasi Eron bo‘ylab tungi zarbalarni kuchaytirdi, Eron dronlari esa Fors ko‘rfazidagi qo‘shni davlatlarga hujumlarni davom ettirmoqda.
Isroil va AQSHning Eronga qarshi urushi uchinchi haftaga kirdi. Hozircha nizoning yakunlanishi bo‘yicha aniq muddat yo‘q. Dunyo nefti va suyultirilgan tabiiy gazining 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi yopilgani oqibatida yonilg‘i narxi ko‘tarilib, global inflyatsiya xavfi ortmoqda.
Isroil harbiylari vakili Nadav Shoshani dushanba kungi brifingda ma’lum qilishicha, yaqin uch hafta uchun aniq rejalar bor va yaqin kelajak uchun qo‘shimcha strategiyalar ustida ishlanmoqda. Isroilning asosiy maqsadi — Eronning ballistik raketa infratuzilmasi, yadroviy inshootlari va xavfsizlik apparatiga zarba berish orqali uning salohiyatini zaiflashtirishdir.
“Biz bu rejim imkon qadar zaif bo‘lishini hamda ularning xavfsizlik tuzilmasining barcha qismlari va qanotlarini yakson qilishni istaymiz”, dedi Shoshani.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil 110 mingdan ortiq zaxiradagi harbiylarni safarbar qilgan va Eron ichida hali urilishi kerak bo‘lgan minglab nishonlar mavjudligini ta’kidlagan. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Tehron o‘t ochishni to‘xtatishni so‘ramagani va AQSH bilan otashkesim borasida xabarlar almashmaganini bildirdi.
Maktab va aholi punktlari nishonda
Eronning Mehr axborot agentligi xabariga ko‘ra, Markaziy provinsiyaga berilgan tungi zarbalar oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 7 kishi jarohatlangan. Arak shahri chekkasidagi turar joy hududi va Mahallat tumanidagi bino hujumga uchragan. Xumayn shahrida esa o‘g‘il bolalar maktabi nishonga olingan, biroq qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Isroil harbiylari Tehron, Sheroz va Tabriz shaharlarida “Eron terrorchi rejimi” infratuzilmalariga zarba berayotganini tasdiqladi.
Shuningdek, urush olovi qo‘shni davlatlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Xususan, dunyodagi eng gavjum aeroportlardan biri — Dubay xalqaro aeroporti yaqinidagi yonilg‘i omboriga dron zarbasi berilgani sababli bir necha soatga yopildi. Rasmiylar yong‘in nazoratga olinganini bildirdi. So‘ngra esa, BAA havo hududi bir haftaga yopiq qolishi xabar qilindi.
Saudiya Arabistoni mudofaa kuchlari bir soat ichida sharqiy mintaqa uzra 34 ta dronni tutib qoldi.
Isroilda esa mamlakat bo‘ylab Eron tomonidan uchirilgan raketalar xavfi haqida ogohlantiruvchi trevoga signallari yangradi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Tel Avivdagi aviatsiyani yonilg‘i bilan ta’minlash markazlariga hujum uyushtirganini ma’lum qildi.
Global bozorda Brent markali neft narxi 1 foizdan ko‘proqqa oshib, 104,50 dollardan yuqoriladi. AQSH prezidenti Donald Tramp 15-mart kuni ittifoqchilarni Hormuz bo‘g‘ozini ochishga yordam berishga chaqirdi. U NATO a’zolarini agar Vashingtonga yordamga kelishmasa, alyansni “juda yomon” kelajak kutayotganidan ogohlantirdi.








