Daryo

AQSH Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni 30 kunga bekor qildi

Bunday qaror tankerlarga ortilgan “qora oltin”ga taalluqli bo‘lib, energetika bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan. Tahlilchilar fikricha, mazkur qadam Qo‘shma Shtatlarning iqtisodiy bosim vositalari kamayib borayotganidan dalolat beradi.

2 daqiqa o‘qish6 198 ko‘rishlar0 izoh2

Donald Tramp ma’muriyati xalqaro energetika bozorida narxlarni jilovlash maqsadida dengizga chiqarilgan Eron neftiga nisbatan sanksiyalarni 30 kunga olib tashladi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi ma’lum qildi. Mazkur qaror Qo‘shma Shtatlar va Isroilning Eronga qarshi urushi davom etayotgan bir paytda qabul qilindi.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessentga ko‘ra, cheklovlar yumshatilishi natijasida global bozorga taxminan 140 million barrel neft chiqarilishi mumkin. Bu esa energiya ta’minoti bilan bog‘liq oshib borayotgan bosimni kamaytirishga xizmat qiladi. Litsenziya 19-aprelga qadar kuchda bo‘ladi.

Oq uy neft narxlarining keskin oshishi avvalambor ichki bozorga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotirda. Boisi energetika narxlari Qo‘shma Shtatlar saylovchilari uchun ta’sirchan mavzu hisoblanadi. Bu, ayniqsa, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar natijasiga ta’sir ko‘rsatib, Respublikachilar partiyasini murakkab ahvolga solib qo‘yishi mumkin.

E’lon qilingan hujjatga ko‘ra, zarurat tug‘ilgan taqdirda Eron neftini hatto Qo‘shma Shtatlar ham import qilishi mumkin. Agar bu yuz bersa, AQSH Eronda inqilob yuz bergan 1979-yildan buyon ushbu mamlakatdan ilk bor “qora oltin” sotib olgan bo‘ladi. Biroq tahlilchilarga ko‘ra, cheklovlar yumshatilishidan eng katta foydani Xitoy ko‘radi. Boisi u Eron neftining asosiy xaridori hisoblanadi.

Ammo bu sanksiyalarni yumshatish bilan bog‘liq ilk holat emas. AQSH Moliya vazirligi avvalroq Rossiya neftiga nisbatan cheklovlarni yengillashtirilgan edi. Endi esa shunday chora Eronga nisbatan ham qo‘llanildi. Bu kabi sa’y-harakatlardan maqsad “qora oltin” narxlarini pasaytirish bo‘lib, so‘nggi haftalarda 100 dollardan oshib ketgandi. Biroq Trading Economics portaliga ko‘ra, 20-mart holatiga xom neft narxi bir barrel uchun 98 dollarga tushgan.

Energetika bozoridagi taqchillik sabab Yaponiya o‘z strategik zaxiralaridan foydalanishni boshladi
Foto: AFP

“Qora oltin” narxlarining oshishiga bir qancha sabablar mavjud. Qo‘shma Shtatlar hamda Isroil tomonidan Eronga qarshi boshlangan urush hamda uning oqibatlari shular jumlasidan. Tehron o‘z suvereniteti buzilishiga javoban mintaqa davlatlarining neft infratuzilmasini nishonga oldi. Qolaversa, asosiy savdo yo‘llaridan biri bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozini yopdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Eron neftiga nisbatan sanksiyalarni yumshatish qarori Qo‘shma Shtatlarning iqtisodiy bosim vositalari kamayib borayotganidan dalolat beradi. Obsidian Risk Advisors kompaniyasi vakili Brett Erikson ham Reuters bilan suhbatda buni tasdiqlagan.

“Eron bilan urush holatidagi davlat sanksiyalarni yumshatishga majbur bo‘layotgan bo‘lsa, bu imkoniyatlar kamayib borayotganini anglatadi”, deydi u.

AQSH Moliya vaziri Bessent bu qaror Eronning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirmasligini da’vo qilgan. Uning ta’kidlashicha, Vashington mamlakatning xalqaro moliya tizimiga chiqish imkoniyatlarini cheklab, maksimal bosim siyosatini davom ettiradi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar