Boliviya prezidentligiga nomzod Xorxe Kiroga saylovlarda g‘alaba qozongan taqdirda Rossiya va Xitoy bilan litiy resurslarini o‘zlashtirish bo‘yicha tuzilgan yirik shartnomalarni bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Fransiyaning Agence France-Presse axborot agentligi xabar berdi.

“Kiroga ketayotgan hukumat Rossiya va Xitoy bilan litiy resurslarini o‘zlashtirish bo‘yicha imzolagan milliardlab dollarlik bitimlarni bekor qilishni va’da qildi”, deya uning so‘zlarini keltirmoqda agentlik.
Bundan tashqari, u Boliviya iqtisodiy modelini tubdan isloh qilish niyatini bildirdi. Bu islohotlar davlat xarajatlarini keskin qisqartirishni o‘z ichiga oladi.
Boliviya dunyodagi eng yirik litiy zaxiralariga ega bo‘lib, ular taxminan 23 million tonnaga baholanadi va bu dunyodagi ushbu metall resurslarining 20 foizini tashkil etadi. Mamlakatdagi litiy Argentina va Chili bilan birgalikda Litiy uchburchagiga kiruvchi Salar-de-Uyuni sho‘rxokligida to‘plangan.
Ayni paytda mamlakat Rossiya va Xitoy kampaniyalari bilan litiy karbonat ishlab chiqarish zavodlarini qurish bo‘yicha shartnomalar tuzib, uni sanoat miqyosida ishlab chiqarish loyihalarini faol rivojlantirmoqda.
Xorxe Kiroga Boliviyada 19-oktyabrga belgilangan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichiga o‘tgan. 17-avgust kuni bo‘lib o‘tgan birinchi turda u 26,7 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Birinchi o‘rinda esa 32 foiz ovoz to‘plagan senator Rodrigo Pas g‘olib bo‘lgan.
Izoh (0)