Xitoyda yangi yumshoq o‘yinchoq ommalashmoqda. Wakuku nomini olgan ushbu o‘yinchoq Labubu’ning arzon muqobili ekanligi aytilmoqda.

Chiqarilganidan beri atigi bir necha oy o‘tib, bu o‘yinchoq ijtimoiy tarmoqlarni zabt etdi va allaqachon savdo rekordlarini o‘rnatishga ulgurdi.
Qayd etilishicha, Wakuku Labubu’ning muvaffaqiyatini takrorlashi, balki undan ham o‘zib ketishi mumkin.
E’tiborli jihati shundaki, Wakuku ham Xitoyda yaratilgan. Biroq bu safar mashhur o‘yinchoqlar ortida Pop Mart emas, balki Letsvan kompaniyasi turibdi. Yangi o‘yinchoqlar birinchi marta 2024-yilda sotuvga chiqarilgan edi.

Unga bo‘lgan qiziqish esa biroz keyinroq, 2025-yilning bahorida yuzaga keldi. O‘shanda Pekindagi Miniso Land tadbirida ishlab chiqaruvchi xaridorlarga Wakuku’ning panda ko‘rinishidagi yangi versiyasini taqdim etgan edi. Bu haqiqiy shov-shuvga sabab bo‘ldi — yangi model sotuvchiga rekord darajadagi daromad keltirdi va foyda ulushi 90 foizdan oshib ketdi.
Shundan so‘ng brend Shanxay va Nankindagi muvaffaqiyatini mustahkamladi: 17-may kuni cheklangan dizayndagi “Tulki va quyon” Wakuku sotuvga chiqarilgan kuniyoq butunlay sotib tugatildi. Bir oy o‘tgach esa, yangi turkumlar do‘konlarga keltirildi va atigi ikki soat ichida barchasi sotib olindi.
Hammaning sevimlisiga aylanib ulgurgan Labubu kabi Wakuku ham yopiq qadoqda chiqariladi — xaridor aynan qaysi shakl unga tegishli ekanini faqat qadoqni ochgandan keyin biladi. Ba’zi o‘yinchoqlar sumkaga osib qo‘yish mumkin bo‘lgan brelok ko‘rinishida ham tayyorlangan. Bundan tashqari, ikkala “hayvoncha” ham ohangdosh nomlarga ega, lekin o‘xshashliklar bunda tugamaydi: Wakuku’ning tashqi ko‘rinishi juda tanish tuyuladi.

Biroq farqlar ham mavjud. Birinchidan, qahramonlar yuzlari bilan ajralib turadi — Labubu’ning o‘ziga xos tishli tabassumi bor, Wakuku’ning yuzi esa ko‘proq insonga o‘xshaydi. Bundan tashqari, yangi o‘yinchoq ancha arzonroq narxi bilan ajralib turadi: u 22 dollar turadi, Labubu’ning narxi esa taxminan 700 dollarni tashkil qiladi.
Qiziq tomoni shundaki, hozirda Wakuku’ga bo‘lgan qiziqish asosan Xitoyda kuzatilmoqda. Dastlab Osiyoda tarqalgan Labubu bilan ham xuddi shunday bo‘lgan edi. Shuning uchun bu trend yaqin vaqt ichida jahon miqyosiga chiqishi ehtimoldan xoli emas.
Izoh (0)