Chet elda 90 kundan ortiq bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarolarini hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatga kelgan xorijliklarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Qonun loyihasi bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi hamda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda.
Xususan, uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikaga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Shuningdek, uzluksiz 90 va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari va mamlakat hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa – o‘z mablag‘lari, ish beruvchining mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistondan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni borayotgan davlatining qonunchiligi, unda bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish va zarur materiallar bilan ta’minlash majburiyatini xususiy bandlik agentliklarining litsenziya shartlaridan biri etib belgilash ham taklif etilmoqda.
Nima uchun 90 kun belgilanmoqda?
Tashabbuskorlar deputat Sherzod Qulmatov bunga izoh berib, bu yuqumli kasallik inson organizmida 90 kundan so‘ng o‘zini namoyon qilishini qayd etgandi. U shuningdek, chet eldan qaytgan fuqaro agar o‘zining, oilasining sog‘lig‘ini o‘ylasa, tezda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozimligini bildirgandi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili xorijda bo‘lib qaytgan 1,7 million fuqaroning 434 mingi, yaʼni 25 foizi ixtiyoriy OIV/OITS tekshiruvidan o‘tgan va ularning 1512 nafarida ushbu kasallik aniqlangan. Qonunchilikda bu borada majburiy tibbiy ko‘rik bo‘lmagani uchun aksariyat fuqarolar tekshiruvga kelmayapti.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga, mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Izoh (0)