O‘zbekistonning qaysi hududida dori uchun eng ko‘p pul sarflanadi?
O‘zbekiston hududlarida dori vositalariga qancha sarflanadi? Soliq qo‘mitasi bu bo‘yicha tahlilni e’lon qildi.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha 8 575 ta dorixona ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularda 15 941 ta onlayn-NKT mavjud. 2024-yilda O‘zbekiston aholisi dori vositalariga jami 19,7 trln so‘mdan ortiq, shundan 15,7 trln so‘mdan ko‘prog‘i import preparatlar hamda salkam 4 trln so‘m mahalliy ishlab chiqarilgan preparatlarga sarflagan.
Aholi jon boshiga nisbatan to‘g‘ri keladigan eng yuqori xarajatlar quyidagi hududlarda qayd etilgan:
Toshkent shahrida – 1,7 mln so‘m;
Buxoro viloyatida – 746 ming so‘m;
Samarqand viloyatida – 660,7 ming so‘m.
Eng kam xarajatlar:
Qashqadaryo viloyatida – 308,9 ming so‘m;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 302,3 ming so‘m;
Surxondaryo viloyatida – 289,5 ming so‘m.
Umuman o‘tgan yilda dori vositalari uchun eng katta xarajatlar:
Toshkent shahri - 5 trln so‘m;
Samarqand viloyatida - 2,6 trln so‘m;
Farg‘ona viloyatida - 1,5 trln so‘m.
Poytaxt ko‘rsatkichlari yirik tibbiyot muassasalarining aynan ushbu hududda joylashgani hisobiga shakllangan.
Respublika hududlari kesimida eng kam xarajatlar quyidagilarga to‘g‘ri kelmoqda:
Jizzax - 536 mlrd so‘m;
Navoiy - 490 mlrd so‘m;
Sirdaryo - 442,5 mlrd so‘m.
Bunday axborotlar soliq organlarining ma’lumotlar bazasida nafaqat viloyatlar, balki har bir tuman va mahalla kesimida shakllanadi.
Fiskal cheklar ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, eng ko‘p mablag‘ quyidagi kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan dori vositalariga sarflangan:
yurak-qon tomir kasalliklari;
infeksion kasalliklar;
og‘riq qoldiruvchi vositalar;
asab tizimi kasalliklari;
oshqozon-ichak kasalliklari.
Dori vositalarining noqonuniy savdosi
O‘zbekistonda 2024-yilning 10 oyida 2,5 mingdan ziyod qalbakilashtirilgan dorilar aniqlangan edi. Taqdim qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlar o‘rnatilgan tartibda laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganda, tahlil natijalariga ko‘ra, noqonuniy muomalada bo‘lgan:
5 958 o‘ram — davlat ro‘yxatidan o‘tgan va muvofiqlik sertifikati mavjud;
17 925 o‘ram — davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan;
557 o‘ram — yorliqlash ko‘rsatkichi bo‘yicha nomuvofiq (kontrafakt);
1 549 o‘ram — yaroqlilik muddati tugagan (sifatsiz);
2 524 o‘ram — qalbakilashtirilgan umumiy 52 396 o‘ram farmatsevtika mahsulotlarining tibbiyot amaliyotida qo‘llash mumkin emasligi yuzasidan xulosa berildi.
Ushbu sifatsiz, qalbakilashtirilgan va O‘zbekistonga noqonuniy kirib kelgan farmatsevtika mahsulotlari aylanmasining oldi olindi.
Avgust oyida Andijonda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanganlarga hukm o‘qilgandi. Dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd 616 mln 802 ming so‘mni tashkil qilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudi tomonidan fuqaroga nisbatan 5 yil hamda sherigiga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sentyabr oyida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlangan. Oktyabr oyida Toshkent shahrida 2,2 mlrd so‘mlik yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olingandi.
Shuningdek, Xorazmda qariyb 240 mln so‘mlik dorilar noqonuniy sotilishining oldi olindi. Bundan tashqari, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 4 000 quti qalbaki dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi.
Izoh (0)