Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Sirdaryo, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yashovchi 34 yoshli fuqaro xususiy tadbirkor maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurib, foydalanishi uchun ajratilgan 88 sotix yer maydonining 26 sotixini va unga tutash bo‘lgan, tuman o‘rmon xo‘jaligi zaxirasidagi 20 sotix yer maydonini ham go‘yoki o‘ziga tegishli ekanini aytib, xaridorga 46,5 ming dollarga sotish hamda kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlangan.
Xovos tumanida kuzatilgan holatda esa 42 yoshli shaxs dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyatga tegishli 52 gektar sug‘oriladigan yer maydonini hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 312 million so‘m talab qilgan. Ammo u so‘ralgan puldan 10 ming dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 28 yoshli fuqaro hokimlik zaxirasida bo‘lgan 36 sotix yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanini aytib, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga talab qilgan 25 ming dollardan 10,6 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi 52 yoshli shaxs va Davlat kadastrlar palatasining Shahrisabz tuman filiali xodimi o‘zaro til biriktirib, Shahrisabz tumani hududidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 13 sotix va turar joy sifatida foydalanib kelinayotgan 12 sotix – jami 25 sotix davlat zaxirasidagi yer maydonini arxitektor tanishlari orqali noturar joy toifasiga o‘zgartirib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 300 million so‘m talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda chiroqchilik fuqaro 10 ming dollar, Davlat kadastrlar palatasining Shahrisabz tuman filiali xodimi esa 800 dollar olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
- Avvalroq Sirdaryoda besh gektar yer maydonini 40 ming AQSH dollariga sotishga uringan opa-uka qo‘lga olingan edi.
- Aprel boshlarida esa Navoiyda 80 gektar yerni 1 milliard so‘mga sotishga uringan shaxslar qo‘lga olingani,
- Samarqand va Farg‘onada noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
- Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida yer maydonlari savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etilgandi.
Izoh (0)