Respublikada benzin taqchilligi bo‘yicha hech qanday kutilma yo‘q. Bu haqda Energetika vazirligi “Daryo” ga maʼlum qildi.
Joriy yil 1-yanvardan Ai–80 markali benzinga bir yildan ortiq vaqt davomida qo‘llanilgan aksiz solig‘i imtiyozi bekor bo‘ldi va mahsulot “O‘zbekneftgaz” zapravkalarida 6 800 so‘mdan sotila boshlandi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2023-yilda respublika neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan 1 million 144 ming tonna Ai–80 benzini ishlab chiqarilgan. Bundan tashqari, xorijdan 120 ming tonna mazkur markadagi mahsulot import qilingan. Aksiz solig‘i imtiyozlari berilgani sabab davlat budjetiga 1,2 trillion so‘mdan ortiq pul mablag‘lari tushmagan.
Ai–80 benzini narxi o‘zgargach, ijtimoiy tarmoqlarda “boshqa oktanli benzinlarning ham narxi oshar ekan”, degan fikrlar yangramoqda.
Energetika vazirligi axborotiga ko‘ra, bu xabarlar asossiz, qolgan markadagi benzinlar narxlarini oshirish rejalashtirilmagan.
“Chunki bugungi kunda mamlakatimizda, birinchidan, avtobenzin hajmi bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Ikkinchidan esa, Ai–80 markadagi benzinning ham narxi oshgani yo‘q. Davlat rahbarining 2022-yil 12-dekabrdagi PQ-440-sonli va 2023-yil 23-fevraldagi PQ-80-sonli qarorlari bilan 2023-yil 31-dekabrga qadar “nol” stavkada qo‘llanilgan aksiz solig‘i imtiyozining muddati tugadi” — deya maʼlum qildi vazirlik.
Joriy 2024-yilda isteʼmolchilarga 2,3 million tonna benzin (shundan 1,3 million tonnasi Ai–80 benzini) yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Qolaversa, bu yil 2023-yildagiga nisbatan 600 ming tonnadan ortiq benzin import qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, respublika isteʼmolchilarining avtobenzinga bo‘lgan kunlik talabi o‘rtacha 5 ming tonnani (shundan 3,65 ming tonna Ai–80 benzini) tashkil etadi. Havo harorati keskin soviganda esa birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida gaz zapravkalarga tabiiy gaz yetkazib berishdagi cheklovlar natijasida avtobenzinga bo‘lgan kunlik talab 8 ming tonnagacha (shundan 7,5 ming tonna Ai–80 benzini) yetadi.
“Mamlakatimizda avtobenzin defitsiti bo‘yicha hech qanday kutilma yo‘q. Benzin hajmlari yetarli, xalq orasida “arzon benzin” deb nom olgan Ai–80 bo‘yicha ham yetarli zaxira mavjud. Shu jihatdan, yurtdoshlarimizning benzin masalasida qayg‘urishlari o‘rinsiz” — deya maʼlum qildi vazirlik.
Avvalroq O‘zbekistonda Ai-80 benzini uchun aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llash muddati tugagani xabar qilingandi.