O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova “Taraflar” loyihasiga bergan intervyusida turmush o‘rtog‘ining o‘limidan so‘ng tezda ishga qaytgani va 11 yildan buyon u bilan birga sahnada rol ijro etayotgani haqida gapirdi.

— Turmush o‘rtog‘im Jamshid Zokirov o‘limidan oldin ancha vaqt kasallik bilan kurashdi. Bir kuni tug‘ilgan kunimga dramaturg Nurillo Abbosxon “Tanho yulduz” spektaklining davomini olib kelib “Sizga sovg‘a, buni sizlar uchun yozdim”, dedi. Afsuski, Jamshid akam bu spektaklda rol ijro etishga ulgurmadi. Turmush o‘rtog‘im vafot etganidan keyin bolalarimni yonimga chaqirib “Mana shu spektaklni Jamshid Zokirov xotirasi uchun ham sahnaga olib chiqaman”, dedim. Turmush o‘rtog‘imning o‘limidan 20 kun o‘tib, ishga chiqib ketdim. Agar uyda o‘tirganimda men o‘zimni yeb tamom qilardim. Tinimsiz yig‘laydigan bo‘lib qolgandim. Repetitsiya jarayonida ham yig‘layverganim uchun rejissor Valijon Umarovdan ko‘p tanbeh eshitardim. Sakkiz oy deganda “Tanho yulduz” spektaklini Jamshid Zokirov xotirasiga bag‘ishlab, sahnaga olib chiqdik. Sakkiz yil davomida bu spektaklda rol ijro etib, keyin uch yil Nurillo Abbosxonga qo‘ng‘iroq qilib, “Yangi pyesa yozing” deb holi joniga qo‘ymadim. Ish jarayonida u bilan urishib qolamiz “Bo‘ldi menga qo‘ng‘iroq qilmang”, deb jahl bilan go‘shakni qo‘yib qo‘ygan holatlari ham bo‘ldi. Hech narsaga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi, tortishuvlar va bahslar sabab “O‘zgalar dardi” pyesasi yaratildi. Spektaklda 7 ta qahramon bor, ularning biri Jamshid Zokirov. U bilan boshqa qahramonlar gaplashadi, dardini aytadi. Jamshid Zokirovning olamdan o‘tganiga 11 yil bo‘ldi, ammo haligacha men bilan sahnada rol ijro etyapti, — deydi Gavhar Zokirova.
Aktrisa baʼzi yosh ijodkorlarning kasbga nisbatan masʼuliyatsizligidan ranjishi haqida ham gapirdi.

— “Men O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ishlayman”, deyishadi-yu, baʼzilari ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashadi. Orasida hatto, rolining matnini bilmaydiganlari ham bor. Keyin jahlim chiqib ketadi. “Men sendan to‘rt barobar kattaman, ammo butun pyesani yodlab bo‘ldim. Nahotki, sen qahramoningni to‘rtta so‘zini yodlay olmasang”, deyman. Darrov bahona topadi. Hech bo‘lmasa spektakldan ikki kun avval rolni takrorlanglar, deb tushuntiraman. “Qiyomat qarz” spektakli oyda bir marta qo‘yilardi. Ammo spektakl qo‘yilishidan oldin albatta Shukur Burxonov hammani chaqirib, xuddi zalda tomoshabin o‘tirganidek jon berib rolni ijro etishga majbur qilardi. Hozirgi yosh ijodkorlar rol kutib yashayapti. Lekin 74 yoshga kirgan Malika Ibrohimova o‘zi kitob titkilab, asarlarni rejissorlarga tavsiya qiladi. Men ham 20 yildan buyon rol kutayotganim yo‘q, aksincha o‘zim pyesalar tavsiya qilyapman. Hozirgilar faqat kutishni biladi, kitob o‘qimaydi. To‘yga, seriallarga chiqmang demayman, moliyaviy jihatlarni ham o‘ylash kerak. Ammo ijod-chi, uni qachon o‘ylashadi.
Vaqtim oz qoldi, hammasiga ulgurishim kerak, deb yashayman. Hatto, karantin paytida ham uyda o‘tirib ijod qildim. Afsuski, baʼzi yoshlarda kasbiga nisbatan shunday hurmat va masʼuliyat yo‘q, — deydi Gavhar Zokirova.
Izoh (0)