O‘zbekiston fuqarolari Germaniyaga uch ming yevro maoshli ishga taklif qilinmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Germaniyaning NoVo Agency tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik kelishuviga asosan nemis tilidan B1 daraja sertifikatiga ega tajribali tibbiyot xodimlari Germaniya tibbiyot muassasalariga hamda qariyalar uyiga ishga taklif etiladi. Nomzodlar uchun talablar:
- tibbiyot kolleji/texnikumini hamshiralik, davolash hamda feldsher yo‘nalishlarini (faqat 3 yillik texnikum diplomi yoki oliy ma’lumotli hamshiralik diplomi) tamomlagan;
- bemorlarga g‘amxo‘rlik qilish qobiliyati;
- 39 yoshgacha;
- Gyote instituti, ECL, Telc yoki ÖsD dan B1 daraja sertifikati;
- sudlanmagan;
- jismonan sog‘lom;
- yuqori motivatsiya va fazilatlar.
Qayd etilishicha, stomatolog, o‘qituvchilik va dorishunoslik sohasida shug‘ullangan nomzodlar qabul qilinmaydi. Shuningdek, quyidagi xarajatlar qoplab beriladi va xizmatlar kafolatlanadi:
- hujjatlarni tarjima qilish va Germaniyada tasdiqlash;
- viza xarajatlari;
- yashash joyini topishda ko‘mak;
- ijtimoiy va tibbiy sug‘urta;
- Toshkent xalqaro aeroportidan Germaniyaga aviachipta va Germaniyadagi aeroportdan ish joyigacha transfer.
Mehnat sharoitlari nemis hamshiralari bilan bir xil (kasbiy tasdiqlangunga qadar oylik 2300 yevrodan ) va butun jarayon davomida doimiy qo‘llab-quvvatlash. Germaniyada kasbiy tasdiqlanish jarayoni tugagandan keyin oylik 3000 yevrodan boshlab beriladi.
Germaniyada tashkillashtirilgan B2 daraja sertifikati uchun nemis tili o‘quv kursi va kasbiy o‘qitish (nazariy va amaliy) jarayoniga to‘liq qatnashish shart. Ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar:
- Chet elga chiqish pasporti (pdf shaklda);
- Nemis tilidan B1 sertifikat (pdf shaklda);
- Tarjimayi hol (nemis, rus, ingliz yoki o‘zbek tilida);
- Tibbiyot kolleji yoki tibbiyot texnikumini tamomlaganlik haqida diplom va ilova (faqat 3 yillik diplom yoki OMH, pdf shaklda).
Izoh (0)