Rossiya Adliya vazirligi atrof-muhit masalalariga ixtisoslashgan “Kedr.media” internet nashri, shuningdek, yoshlar siyosati va oliy ta’lim muammolari haqida yozuvchi “Groza” talabalar loyihasi “xorijiy agentlar” reyestriga kiritdi.

Vazirlikdagilarning hisoblashicha, “Kedr.media” chet el agentlarining axborot materiallarini cheklanmagan doiraga tarqatishda, shuningdek, Rossiya davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar haqidagi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishda ishtirok etgan.
Bundan tashqari, “Sergey Koldobskiy” taxallusi ostida ishlaydigan jurnalist Sergey Shelin, pskovlik tarixchi va siyosatchi Aleksey Malov ham “xorijiy agentlar” reyestriga kiritilgan.
Sergey Shelin — siyosiy sharhlovchi, Sankt-Peterburgdagi “Baltinfo” axborot agentligi bilan uzoq vaqt hamkorlik qiladi. 2015-yilda ushbu agentlik Rossiyada “xorijiy agent” maqomini olgan, shundan so‘ng u yopilgan. Mustaqil matbuotga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga kirishi boshlanganidan keyin Sergey Shelin Finlandiyaga ko‘chib o‘tgan.
Aleksey Malov esa Rossiya Kommunistik partiyasi a’zosi, Pskov viloyati Gdovskiy tumanining sobiq munitsipal deputati.
Rossiyada atrof-muhitni muhofaza qiluvchi tashkilotlar muntazam ravishda xorijiy agentlar reyestriga kiritiladi va nomaqbul deb tan olinadi. Mart oyi boshida Rossiya Adliya vazirligi Butunjahon tabiatni muhofaza qilish fondini (WWF) “xorijiy agentlar” reyestriga kiritgan va u “tabiatni muhofaza qilish faoliyati niqobi ostida Rossiya hokimiyat organlarining qarorlariga ta’sir qilish” va “sanoat loyihalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilish bilan shug‘ullangani”ni ma’lum qilgan.
Sentyabr boshlarida Rossiya Adliya vazirligi “Novaya gazeta” bosh muharriri, 2021-yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Dmitriy Muratovni “xorijiy agentlar” reyestriga kiritgandi.
Izoh (0)