Toshkent shahrida Zo‘rTV jurnalisti va operatori kalataklangani, operator ayni paytda shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati OAV vakillariga zo‘ravonlik ko‘rsatib, ularga qarshi kuch ishlatgan xodim — “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi 67-ko‘prikqurilish otryadi ish boshqaruvchisi N.Eshniyazovning ishini keskin qoralaydi.
Mazkur holat yuzasidan zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, bugunning o‘zida N.Eshniyazov Mehnat kodeksining tegishli bandlariga asosan ishdan bo‘shatildi. Qayd etilishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati holat yuzasidan huquq-tartibot organlari qonunchilik normalariga asosan tegishli choralar ko‘rishini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Daryo” bilan suhbatda bo‘lgan kanal jurnalisti voqea paytida telekanal kamerasi va operatorning burni singanini maʼlum qilgandi.
Operatorimiz Sardorbek Yo‘ldoshevning burnini sindirishdi. Ayni paytda operatorimiz tez yordamda shifoxonaga olib ketilgan. Menda ham jarohatlar bor. Shifokorlar tibbiy ko‘rik zarur dedi. Ammo telekanal kamerasi, mikrofonini ishxonaga yetkazishim kerak edi. Shu sabab men barcha ish qurollarni olib ishxonaga qaytdim, — degandi u.
Zo‘rTV jurnalisti Nurzodbek Vohidovning qo‘shimcha qilishicha, voqeadan so‘ng hudud profilaktika inspektori ularga qo‘ng‘iroq qilib, voqea haqida so‘ragan.
Izoh (1)
Aql bo'lgan bo'lsa shunga yarasha javobini olgan