Toshkent shahrining “Yangihayot” blokmaskanida bir bosh Yevropa kiyigini mashinasida tegishli hujjatlarsiz olib ketayotgan shaxs to‘xtatib qolindi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 10-yanvar kuni ushbu blokpostda bir bosh Yevropa kiyigi olib ketilayotgan fuqaro X.J. mashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Surishtiruv davomida ushbu hayvon egasi ekanligini vaj qilgan fuqaro B.L. va uning sherigi bo‘lgan X.J. voqea joyida tegishli hujjatlarni taqdim eta olmagan.
Shu sababli ushbu holatga aniqlik kiritilgunga qadar Yevropa kiyigi vaqtinchalik saqlash uchun Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan.
“Ekologuz”ning yozishicha, Telegram’dagi “Ko‘pkari otlar, Ot bozori” kanalida ikki yoshli Yevropa kiyigi sotilishi haqida e’lon berilgan. Berilgan e’londa kiyik narxi 3 ming dollarga baholangan va manzil sifatida Toshkent ko‘rsatilgan. Ushbu e’lon 9-yanvar kuni kanalga joylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Yevropa kiyigi CITES’ning I ilovasiga kiritilgan bo‘lib, u yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan hayvonlar va o‘simliklar turlarini o‘z ichiga qamrab oladi.
Ushbu turlarni tijorat maqsadida eksport, reeksport va import qilish taqiqlanadi. I ilovadagi namunalarni chet elga olib chiqish uchun CITES’ning ham eksport, ham import ruxsati olinishi talab etiladi.
Izoh (0)