“Daryo” nashri 12-dekabrda O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni e’tiboringizga havola etadi.
Erdo‘g‘on Gretsiyani Tayfun ballistik raketasi hujumidan ogohlantirdi
Agar Gretsiya AQSHdan olingan qurollarni Dodekanes arxipelagiga yuborsa, bu Anqaraning Tayfun ballistik raketasi bilan javob qaytarishiga sabab bo‘ladi, deya ogohlantirdi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.
“Hozir biz o‘z raketalarimizni ishlab chiqarishni boshlaganmiz, bu greklarni qo‘rqitmoqda. Tayfun desangiz, greklar qo‘rqib ketadi va ‘U Afinaga zarba beradi’, deydi. Ha, zarba beradi, agar siz orollar uchun Amerikadan nimadir sotib olishga urinsangiz, Turkiya kabi davlat biror chora ko‘rishi kerak”, — degan Turkiya prezidenti.
Tayfun raketasi Turkiya harbiylari tomonidan oktabr oyida sinovdan o‘tkazilgan edi. Turkiya matbuoti manbalarining qayd etishicha, Tayfun raketalari Turkiyada bir necha yil davomida yashirin ravishda ishlab chiqilgan. Mamlakat rasmiylarining ta’kidlashicha, raketa 561 km masofani 456 soniyada bosib o‘ta oladi.
Erdo‘g‘onning tahdidlarida gap Dodekanes orollari guruhi haqida ketmoqda. Orollar uzoq vaqt davomida Usmonli imperiyasi, 1912—1947-yillarda esa Italiya tomonidan nazorat qilingan — bu 1923-yilda Lozanna shartnomasi bilan tasdiqlangan.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, Buyuk Britaniya va Gretsiya oldidagi orollarni nazorat qilish Parij tinchlik shartnomasiga binoan, Gretsiyaga topshirildi. Turkiya da’vo qilishicha, arxipelagning qurolsizlantirilgan maqomiga qaramay, Gretsiya orollarda harbiy salohiyatini oshirmoqda.
Gretsiya esa Anqara orollarda qurolli kuchlarning bo‘lishi haqidagi shartnomalarni noto‘g‘ri talqin qilayotganini ta'kidlagan.
Rossiya harbiylari Eron dronlaridan qayta foydalanishni boshladimi?
Amerikaning Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) o‘zining kunlik sharhida yozishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga zarbalar berishda Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchar qurilmalardan faolroq foydalana boshlagan.
ISW qayd etishicha, Rossiya harbiylari uch haftalik tanaffusdan keyin, 7-dekabr kuni Ukraina hududiga zarbalar berish uchun Eron dronlaridan foydalanishni qayta boshlagan. Shundan bir necha kun avvalroq NBC News telekanali Oq uydagi manbalariga tayanib, Rossiya hukumati dronlar evaziga Eronga “misli ko‘rilmagan darajada” harbiy va texnik ko‘mak ko‘rsatayotgani haqida yozgandi.
ISW fikricha, Rossiya harbiylari, katta ehtimol bilan, Erondan dronlarning yangi partiyasiniolgan yoki yaqin kunlarda ularning yetkazib berilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, sharh mualliflari Rossiya qo‘shinlari dronlardan foydalanmagan uch hafta davomida ularni to‘plash bilan shug‘ullanganini ham istisno qilmayapti.
Zelenskiy Kiyev Amerika bilan o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirib olganini aytdi
Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish Vashington uchun ustuvor vazifa. Bu haqda AQSH prezidenti Jo Bayden ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan telefon suhbatida aytib o‘tdi, deyiladi Oq uy saytidagi bayonotda.
Zelenskiy Bayden bilan muzokaralardan so‘ng o‘zining Telegram kanalida videomurojaat e’lon qildi. Unga bergan izohida Ukraina prezidenti Kiyev G7 sammiti oldidan “Amerika bilan o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirib olganini” yozgan. G7 tarkibiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSH kiradi, shuningdek, sammitlarda Yevropa Ittifoqi ham ishtirok etadi. G 7 ning navbatdagi sammiti onlayn formatda bo‘lib o‘tadi va unda Ukraina ishtirok etadi.
Eslatib o'tamiz, Ukraina Rossiyaning mamlakat infratuzilmasiga bergan so'nggi zarbalaridan keyin G‘arb davlatlarini havo hujumidan mudofaa tizimlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirgandi.
O‘zbekistonning “Ipoteka bank”i Vengriyaga sotildi
Bugun, 12-dekabr kuni Toshkent shahrida “Ipoteka bank”dagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Tadbirda bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev nutq so‘zlab, O‘zbekiston banki birinchi marta xorijiy kompaniyaga sotilganini aytdi.
Vengriyaning OTP bankining O‘zbekistonga kirib kelishi raqamlashtirish, bank xizmatlari sifatini yanada oshirishiga ishonamiz. Qolaversa, bu kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantiradi. Birinchi marta xorijiy bank O‘zbekiston bankini sotib olmoqda.
“Ipoteka bank” O‘zbekistondagi beshinchi yirik bank bo‘lib, umumiy bozorning 8,5 foizini tashkil etadi va 1,6 milliondan ortiq mijozga ega.
Tadbirda OTP banki boshqaruv raisi Shandor Chanyi uzoq muddatli maqsad OTP Group’ni O‘zbekiston bank bozorining asosiy ishtirokchisiga aylantirish ekanini aytdi. “Ipoteka bank” ATB boshqaruvi raisi Elyor Inomjonov bank sotilgan narxni ochiqlashni istamadi. Uning aytishicha, shartnoma yakunlansa, umumiy narx aytiladi.
“Birinchi bosqichda bankning 75 foiz davlat ulushi sotiladi. Qolgan 25 foizi 3 yil davomida Moliya vazirligi qo‘lida qoladi. Yakunda qolgan 25 foiz ham OTP bankka o‘tadi”, — degan u.
Ma’lum qilinishicha, 2020-yil oxiridan boshlab OTP bank O‘zbekiston hukumati bilan O‘zbekistonda bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. 2021-yilning kuzidagi muzokaralarda tomonlar “Ipoteka bank”ni sotib olish imkoniyati bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan bo‘lsa, bugun oldi-sotdi shartnomasini imzoladi.