Gretsiya hukumati Yevroparlament vitse-prezidenti Yeva Kayli va unga aloqador shaxslarning mulki hamda moliyaviy aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda Ekathimerini xabar berdi.
Belgiyada Kayli va yana uch kishiga korrupsiya bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Aktivlarni muzlatish to‘g‘risidagi qarorni Gretsiyaning pul yuvishga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Haralambos Vurliotis qabul qilgan. Aktivlarni muzlatish choralari moliya institutlari va tegishli davlat organlari tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Kaylining hibsga olinishi
9-dekabrda Yevroparlament vitse-prezidenti Yeva Kayli Qatarda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha 2022-yilgi jahon chempionati atrofidagi korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olingandi. Belgiya politsiyasi Kaylining uyida reyd uyushtirgan.
Avvalroq Belgiya prokuraturasi yirik operatsiyasi o‘tkazilgani, uning davomida to‘rt kishi, jumladan, sobiq Yevroparlament deputati Pyer-Antonio Panzeri va Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi prezidenti Luka Visentini qo‘lga olingani haqida xabar bergandi. Sobiq deputatning qarorgohidan 500 ming yevro naqd pul topilgan.