Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

8-dekabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Nyu-Yorkda Jon Lennonning o‘ldirilishi, Ukraina bo‘ylab Lenin haykallarining qulatilishi va AQSH hamda SSSR o‘rtasida yadroviy qurolsizlanishning boshlanishiga oid faktlar o‘rin olgan

Jon Lennonning o‘ldirilishi

1980-yil 8-dekabr kuni britaniyalik taniqli musiqachi Jon Lennon Nyu-Yorkda otib ketilishi oqibatida bir necha daqiqadan keyin operatsiya stolida vafot etgandi. Musiqachi o‘z qotili va sobiq muxlisi Mark Devid Chepmen bilan u vafotidan bir necha soat oldin uchrashib, hatto plastinkasiga dastxat qo‘yib bergandi.

Foto: Wallhere

Foto: Wallhere
1960-yillarda The Beatles guruhi xalq mehrini qozongan edi. Liverpul to‘rtligining mashhurligi Jon Lennon o‘zlarining mashhurligini shunday ifodalagandi: “biz Isodan ham taniqliroqmiz”. O‘n yillik oxiriga kelib uning hayotida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bergan. 1968-yilda Lennon xotini Sintiya bilan ajrashgan va bir yildan keyin yaponiyalik rassom Yoko Ono bilan oila qurgan. Let it be albomining taqdimoti The Beatles guruhining parchalanishi vaqtiga to‘g‘ri kelgan. Guruh rasman tarqalganini 1970-yil 10-aprelda, Pol Makkartni ketishini aytganida e’lon qilgan.

Lennon va Ono Plastic Ono Band loyihasiga asos solgan. 1971-yilda juftlik Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tgan. Besh yildan keyin britaniyalik musiqachiga AQSHga yashash uchun rasman ruxsat berilgan. 1980-yilda The Beatles guruhining sobiq yetakchisi o‘zining oxirgi Double Fantasy albomini taqdim etgandi.

Foto: Wallhere

Foto: Wallhere

1980-yil 8-dekabr kuni Lennonga “Dakota” mehmonxonasi yonida o‘q uzishgan. Uning qotili Mark Devid Chepmen guruhning sobiq muxlisi bo‘lib, qo‘shiqchiga pistoletdan beshta o‘q otgandi.

O‘sha kuni Lennon va Ono Nyu-Yorkning RKO radiosiga intervyu bergan, keyinroq esa suratkash Enni Leybovits ularni rasmga olgan. U olgan suratlar Rolling Stone jurnalining yanvar soni muqovasida paydo bo‘lgan. Suratga olish ishlaridan keyin er-xotin studiyaga borgan, u yerda Ono o‘zining Walking on Thin Ice qo‘shini yozgan, Lennon esa unga assistentlik qilgan. Ertasi kuni ular osiyolik ishchilarning norozilik namoyishida ishtirok etish uchun San-Fransiskoga uchib ketishni rejalashtirgandi.

Jinoyat sodir bo‘lgan vaqtda Lennon 40, Chempen 25 yoshda edi. Vafotidan bir necha soat oldin qo‘shiqchi unga Double Fantasy albomiga dastxat qo‘yib bergan. Suratkash Pol Goresh ularning ikkisini ham tarixga muhrlagan.

Foto: Wallhere

Foto: Wallhere

Soat 22:50 da Lennon va Ono “Dakota”ga limuzinda keladi. Chempen ularni mehmonxona yaqinida kutib turgan va musiqachini ko‘rishi bilan uni chaqirgan: “Janob Lennon?”. Qo‘shiqchi yaqinda tanishgan yigitni eslab, umga bosh silkigan va ortini o‘girgan. Shu payt jinoyatchi pistoletini chiqargan va besh marotaba tepkini bosgan. O‘qlar Lennonning orqasi va qo‘llariga tekkan.

Chepen yashirinishga ham harakat qilmagan. U politsiyachilar kelishini kutib joyidan jilmasdan, o‘zining sevimli kitobi — Jerom Selinjerning “Javdarzordagi xaloskor” kitobini o‘qiy boshlagan. Politsiya xodimlari hodisa joyida ikki daqiqadan keyin yetib kelgan. Tez yordam hali kelmagani bois, ular Lennonni o‘zlari mashinada olib borishgan. Lennon favqulodda shifoxonaga joylashtirilgan — bir necha daqiqadan keyin u operatsiya stolida yotardi. Biroq jarohat juda jiddiy bo‘lib, 80 foizga yaqin qon yo‘qotilgandi. Musiqachini qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan. Uning o‘limi soat 23:15 da qayd etilgan.

Foto: Wallhere

Foto: Wallhere

Ono an’anaviy dafn marosidan bosh tortgan. Beva Makkartni bilan birga muxlislarini Chepmen ismini tilga olmaslikka chaqirgan. Ikki kundan keyin Lennonning jasadi krematsiya qilingan.

Butun dunyo aholisining sevimli musiqachisi bo‘lgan Lennonning o‘ldirilishi ko‘plab noroziliklarni keltirib chiqargan. Ertasi kuni barcha radiostansiyalarda Lennonning qo‘shiqlari yangragan. Qisqa vaqt ichida Ono 250 mingga yaqin hamdardlik bitilgan maktublarni qabul qilib olgan. The Beatles plastinkalariga bo‘lgan talab oshib ketgan. Fojiadan uch hafta o‘tib Double Fantasy albomi birinchi o‘ringa chiqqan.

Sudda psixiatr ekspertlar o‘z hamkasblarining Chepmen paranoid shizofreniyadan aziyat chekisi haqidagi xulosalarini rad etgan. Sudlanuvchi sog‘lom ekani va jinoyat sodir etganini yaxshi tushungan. Natijada Chepmen umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan.

Foto: Wallhere

Foto: Wallhere

Jinoyatchi jurnalistlarga bergan intervyusida oldinlari Lennon uning kumirlaridan biri bo‘lgan, biroq keyinroq undan hafsalasi pir bo‘lgani tufayli qotillikka qo‘l urganini aytgan.

Chepmenning so‘zlariga ko‘ra, u musiqachi xippilar harakati yetakchisi ekani va qo‘shiqlarida shaxsiy mulksiz dunyoga chaqirganini, ammo o‘zi ko‘p millionlik mulk va avtomobillarga egalik qilishini o‘qigan. Shu sababli jinoyatchi “yolg‘on timsoli”ga qarshi kurashishga qaror qilgan. Psixologlarning xulosasicha, Chepmen bir vaqtning o‘zida narsizm va o‘ziga past baho berishdan aziyat chekkan. Jinoyatchining o‘zi Lennon o‘ldirilganidan keyin yolg‘onga qarshi kurashning ramzi bo‘lib, shon-shuhrat qozonishni xohlaganini tan olgan.

Ukraina bo‘ylab Lenin haykallarining qulatilishi

2013-yil 8-dekabr kuni Ukrainada “Yevromaydon” vaqtida Vladimir Leninga atab o‘rnatilgan haykallarning birinchisi ag‘darilib, butun mamlakat bo‘ylab ushbu tashabbusni boshlab bergandi.

Foto: “5.ua”

Foto: “5.ua”

Ukrainada jami 1,3 mingdan ortiq Lenin haykali olib tashlangan. 2017-yil avgustida o‘sha vaqtdagi Ukraina milliy xotira instituti rahbari Vladimir Vyatrovich shaharlarda sovet bosqinchisiga atab o‘rnatilgan birorta ham haykal qolmaganini aytgan edi.

Kiyevdagi Lenin haykalining balandligi 3,45 metrni tashkil etib, zinaga ega yetti metrli qizil granitdan ishlangan postamentga o‘rnatilgan. Qiziq jihati bu haykalni qulatishga bo‘lgan birinchi urinish emasdi. 2009-yilning yozida haykalga jiddiy zarar yetkazilgan: burun va qo‘llari chopilgan, biroq o‘sha yilning noyabrida u qayta ta’mirlangandi. Ikkinchi urinish 2013-yil 1-dekabr kuni, Maydonda talabalar kaltaklanganidan keyin amalga oshirilgan. O‘sha vaqtda namoyishchilar va “Burgut” xodimlari o‘rtasidagi janjal monumentni buzishga bo‘lgan urinish sabab kelib chiqqan.

Foto: “5.ua”

Foto: “5.ua”

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, yuzlarini berkitib olgan bir necha o‘n kishi haykalga “fashist” deb yozib ketgan. Bunga xalaqit berishga urinilganida o‘rtada janjal kelib chiqqan. Kiyevdagi Lenin haykali oxir oqibat 2013-yil 8-dekabr kuni qulagan. Uni qulatish jarayonida 200 ga yaqin odam qatnashgan. Haykal qarshisiga narvon qo‘yilib, trosslar tortilgan va monument qimirlatib, o‘rnatilgan joyidan yiqitilgan. Bularning barchasi bu vaqtga kelib namoyishchilarga qarshilik bildirmayotgan militsiya xodimlarining ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgandi.

Foto: “5.ua”

Foto: “5.ua”

Sovet yetakchisining haykali qulagan vaqtda uning boshi granit plitani yorib yuborgan va uzilib ketgan. Yiqitilgan monumentni odamlar maydalab, suvenir sifatida olib ketishga tushgan. Uning atrofida Ukraina, Belarus va Litva bayroqlarini ko‘targanlar “Inqilob”, “Yanukovich, keyingisi sensan!”, deya baqirgan.

Kiyev militsiyasi sodir bo‘lgan voqeani ommaviy tartibsizlik deb atab, unga aloqadorlarni qo‘lga olishni boshlagan. Ukraina poytaxtida sodir bo‘lgan mazkur voqealardan keyin butun mamlakat bo‘ylab Lenin haykallarini yakson qilish boshlangan. Bu orqali aholi totalitarizm ramzini qulatib, Ukrainaning yangilanish yo‘lini ochyapmiz deb hisoblagan.

Foto: “5.ua”

Foto: “5.ua”

2013-yil dekabr oyining o‘zida Ukrainada sovet rahnamosiga tegishli 3 ta haykal qulatilgan — Odessa, Volin va Cherkasi viloyatlarida. 2014-yil yanvarida Ukrainaning turli burchaklaridagi yana 9 ta shu kabi monument vayron qilingan. Shu yilning fevralida esa bu boradagi ko‘rsatkich 300 tadan oshib ketgan.

Foto: “5.ua”

Foto: “5.ua”

Haykallar soni 2,5 mingga yaqin. Ular nafaqat Ilichga, balki boshqa kommunizm rahbarlariga atab o‘rnatilgan. Ammo haqiqiy raqamlar bundan ko‘p bo‘lishi mumkin, chunki haykallarning bir qismi ro‘yxatga ham olinmagan. Masalan, biror-bir zavod yoki qishloq hududida hech kim eslay olmaydigan monument bo‘lishi mumkin”, — degandi Vyatrovich.

AQSH va SSSR o‘rtasida yadroviy qurolsizlanishning boshlanishi

1987-yil 8-dekabr kuni AQSH prezidenti Ronald Reygan va SSSR rahbari Mixail Gorbachyov Vashingtonda “O‘rta va yaqin masofali raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi muddatsiz shartnoma”ni imzolagan edi.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

1970-yillar o‘rtalarida AQSH va SSSRda lazer va infraqizil tizimli raketalar paydo bo‘lgan. Ularning nishonga tegish aniqligi 30 metrga yetgan. Yadroviy zarba dushman taraf javob mexanizmini ishga tushirgunga qadar amalga oshirilishi mumkin edi.

AQSH G‘arbiy Yevropada joylashgan tizimlarini modifikatsiya qilgan, bunga javoban SSSR g‘arbiy chegaralariga 300 ga yaqin o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalarini joylashtirgan — ularning har biri uchtadan jangovar kallakcha bilan jihozlangandi. Bu SSSRga bir daqiqa ichida G‘arbiy Yevropadagi NATO harbiy infratuzilmasini — portlardan tortib boshqaruv markazlarigacha yo‘q qilish imkonini bergan.

Shunda AQSH 1983-yilda Yevropaga sovet raketalari o‘rnatilgan joylar va qo‘mondonlik punktlariga 6-8 daqiqada yetib borishga qodir 572 ta “Pershing-2” raketalarini joylashtirgan. 1980-yilda AQSH prezidentligi lavozimini Ronald Reygan egallagan. 1981-yilda u SSSR g‘arbiy chegaralarga o‘rnatgan raketalarini olib tashlasa, Yevropaga raketalar o‘rnatishda voz kechish taklifini bildirgan. Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Leonid Brejnev bunga javoban Yevropadan taktik qurollarni ham olib chiqish va tayanch tizimini bekor qilish taklifini bergan, biroq AQSH bunday taklifga rozi bo‘lmagan.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

Brejnev o‘rniga kelgan Yuriy Andropov 1983-yilda agarda kosmik qurollanish masalalari bo‘yicha qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazilsa, ushbu masalani muhokama qilishga tayyorligini bildirgan. Bu vaqtga kelib AQSHda kosmik bazalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tizimlarni yaratish boshlangan, bu SSSRdan amalga oshiriladigan yadroviy zarbani tutib qolish imkonini berardi. Shu bois AQSH bunday muzokaralarni rad etgan.

Muzokaralar masalasi yana bir necha bor ko‘tarilgan, ammo tomonlar shartlar bo‘yicha yakuniy qarorga kela olmagan. Vaziyat mudofaa vaziri Dmitriy Ustinovning vafoti va hokimiyatga Mixail Gorbachyov kelishi bilan yumshagan.

1985-yilda SSSR kosmik qurollanish bandini qo‘shmagan holda raketalar bo‘yicha bitimni muhokama qilishga tayyor edi. Shu yili Jenevada SSSR va AQSH o‘rtasida strategik va o‘rta masofaga mo‘ljallangan yadroviy qurollanish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan. Reygan va Gorbachyov biror aniq natijaga erishmagan bo‘lsa-da, dialogning paydo bo‘lishi ijobiy natija edi.

Ikki mamlakat yetakchisining navbatdagi uchrashuvi 1986-yil kuzda Gorbachyovning tashabbusi bilan Reykyavikda uchrashgan. Asosiy g‘oya kosmosda qurollanish poygasidan voz kechish va yadroviy qurollanishni keskin qisqartirish edi. Bu borada progressga 1987-yil sentabrda erishilgan. SSSR o‘rta va yaqin masofaga mo‘ljallangan raketalar uchun yagona klassifikatsiyani ishlab chiqish va “CC-23” tezkor-taktik raketa komplekslariga uni kiritishga tayyorligini bildirgan. AQSH esa “Tomagavk” qanotli raketalaridan va Yevropaga “Lens-2” raketalar majmualarini joylashtirishdan voz kechishga rozi bo‘lgan.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

1987-yil 8-dekabr kuni Reygan va Gorbachyov Vashingtonda O‘rta va yaqin masofaga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan. Unga ko‘ra, ikki derjava radiusi 500-5500 kilometr bo‘lgan barcha yer usti raketalarini yo‘q qilishi kerak edi. Bu tarixda birinchi marta qurollarning butun sinfi bekor qilinishi edi.

Qisqa masofali raketalarni yo‘q qilish muddati bir yarim yil, o‘rtachaniki — uch yil etib belgilangan. Raketalar bo‘laklarini yoqish orqali yo‘q qilingan. Uch yil ichida SSSRda 1846 ta raketa, 825 ta uchirish qurilmalari, 812 ta asosiy qism korpuslari, shuningdek, raketa majmualarining boshqa minglab elementlari yo‘q qilingan. AQSH esa bu ko‘rsatkich quyidagicha: 846 ta raketa, 289 ta uchirish qurilmalari, 442 ta asosiy qism ko‘rpuslari.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Samarqandda 2 kishi ovqatdan zaharlanib vafot etdi
Mahalliy
Toshkentda avtobusning yurgan masofasiga qarab to‘lov qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Mahalliy
Aholining valyuta ayirboshlashga yoʻnaltirgan pul mablagʻlari hajmi 68 foizga oʻsdi — Markaziy bank