Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

5-dekabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Permdagi klubda mushakbozlik oqibatida yuz bergan halokatli yong‘in, Londonda 12 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan “Buyuk smog” hamda Moskvadagi Najotkor Masih cherkovining portlatilishiga oid faktlar o‘rin olgan.

“Oqsoq ot” klubidagi halokatli yong‘in

2009-yil 5-dekabr kuni Permdagi “Oqsoq ot” klubida yuz bergan yong‘in oqibatida 156 kishi halok bo‘lgan, yana 82 kishi jarohat olgan edi. O‘sha kuni tadbir tashkilotchilari klub ochilganining 80 yilligi munosabati bilan binoga mushaklarning olib kirilishiga ruxsat bergan va natijada shiftda yong‘in yuzaga kelgandi. Mehmonlar binodan qochib chiqish vaqtida bir-birini bosib ketgan.

Foto: “RIA Novosti”

Tadbirga 250 ga yaqin odam taklif etilgan. Shu kuni 18 yoshli Andrey Kostrulev ham ishlash uchun klubga kelgandi. U o‘qishiga pul to‘plash uchun klubda animator bo‘lib ishlagan. Mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da Kostrulev maxsus kostyumda asosiy kirish eshigi tagida turar va mehmonlarni kutib olardi — uning majburiyati qatoriga turli sovg‘a disklarini va bepul kokteyllarni tarqatish kirardi.

Shou dastur boshlangach, zaldagi mehmonlar oldiga bordim. Barchada bayram kayfiyati edi, odamlar juda ko‘p kelgandi”, — deydi u.

Tungi soat 01:00 larga yaqin klubga 19 yoshli Anna Bunakova ham kelgan. “Dugonamnikiga mehmonga kelgandim va kutilmaganda uning do‘stlari klubga taklif qildi. Boshqa rejalarimiz yo‘qligi bois biz rozi bo‘ldik”, — deydi qiz.

Qiz tashkilotchilar mushakbozlikni boshlagan vaqtda klubga kirgan. Bunakova yangi tanishlari bilan birga stol atrofida o‘tirgan va qo‘liga menyuni olgan vaqtida boshlovchi mikrofonda gapirishni boshlagan: “Xonimlar va janoblar, biz yonyapmiz!”.

Foto: “RIA Novosti”

Animator Andrey Kostrulevning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in pirotexnika vositalari otib bo‘linishi bilan yuzaga kelgan. Biroq hamma ham boshlovchining gap-so‘zlarini jiddiy qabul qilmagan. “Olovga e’tibor qaratmadim. Boshlovchi shunday ohangda gapirdiki, u jiddiy gapirayotgan yoki hazillashayotganini tushunib bo‘lmasdi. Natijada hamma asosiy chiqish joyiga yugurishga tushdi. Svet o‘chdi, zulmat qopladi va mehmonlar bir-birini bosishni boshladi”, — deydi Bunakova.

Qiz qoqilib ketib, yuzi bilan polga yiqilgan — o‘z jonidan xavotirga tushgan mehmonlar uni tepkilab o‘ta boshlagan. Jabrlanuvchi kislorod yetishmovchiligi sabab hushini yo‘qotgan, tepadan esa koridor shifti bezatilgan penoplast oqa boshlagan.

Bu vaqtga kelib 18 yoshli Kostrulev va klubning boshqa xodimlari xizmat xonasidagi buyumlarini yig‘ishtirishga tushgan. “Go‘yoki biz 10 daqiqa aylanib, ortga qaytamiz va barchasi yaxshi bo‘ladigandek. Animatsion jamoadagi qiz o‘z buyumlarini oldi. Biz xotirjam narsalarimizni yig‘ishtirishga tushdik va kutilmaganda ventilyatsion teshikdan tutun kira boshladi, ko‘p o‘tmay hech narsa ko‘rinmay qoldi”, — deya eslaydi animator.

19 yoshli Bunakova o‘rnidan turishga kuch topgan. Bu vaqtga kelib koridor bo‘shab qolgan, qiz ko‘chaga chiqib, odamlar ko‘zlarida yosh bilan sheriklarini qidirardi. Permlik qiz ham do‘stlarini qidirishga tushgan. Keyinroq aniqlanishicha, qizning dugonasi tiqilinchda halok bo‘lgan.

Favqulodda xizmatlar hali yetib kelmagani bois tashabbuskorlar guruhi tuzilgan va odamlar klub ofisi oynalarini sindirishga tushgan. Avtomobilda o‘tirgan xodimlardan biri klub egasiga qo‘ng‘iroq qilib, uning ahvoli bilan qiziqqan. “Ozgina kuyish jarohatini oldim, shifoxonaga ketyapman”, — degan u. Ko‘p o‘tmay erkak shifoxonada vafot etgan.

Foto: “RIA Novosti”

O‘sha mash’um kechada 156 kishi halok bo‘lgan — ularning 96 nafari hodisa joyida, qolganlar shifoxonada vafot etgandi. Omon qolgan 82 kishi ham kuyish, zaharlanish va boshqa kasalliklardan uzoq vaqt davolangan. Ayrimlar hatto bir umrga nogiron bo‘lib qolgan.

“Oqsoq ot” klubidagi yong‘in bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Favqulodda holatdan keyin Perm ma’muriyati rahbari Arkadiy Kas, 9-dekabr kuni Perm o‘lkasining butun hukumati iste’fo bergan.

Tergov ishi 2010-yil iyunda yakunlangan. Klub egasi Anatoliy Zak, shuningdek, ijrochi direktor Svetlana Yefremova va art-direktor Oleg Fetkulov sud qarshisida javob bergan. Ular xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatishda ayblangan.

Zak shunchaki klubning investori ekanini ma’lum qilgan. Ijarachi bilan kelishuvga ko‘ra, Aleksandr Titlyanov muassasadan keladigan daromadning 50 foizini olgan. Erkakning so‘zlariga ko‘ra, u klubning ichki muammolari bilan shug‘ullanmagan.

Foto: “RIA Novosti”

Titlyakovning o‘zi 2009-yil 9-dekabr kuni yong‘in vaqtida olgan kuyish jarohatlari oqibatida vafot etgandi. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi to‘xtatilgan. Oradan uch oy o‘tgach — 2013-yil 30-aprel kuni Zak 9 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Yefremova va Ferkulova mos ravishda to‘rt va olti yilga qamalgan.

Pirotexnika shousini tashkil etgan Sergey Derbenev va uning o‘g‘li Igor ham mos ravishda to‘rt hamda besh yilga qamalgan.

Londonda yuz bergan “Buyuk smog”

1952-yil 5-dekabr kuni londonliklar erta tongda uyg‘onib, musaffo osmonni ko‘radi. Barcha o‘z ishiga shoshila boshlaydi. Bir necha haftadan beri davom etayotgan izg‘irin shahar aholisi uylarini ancha sovitgandi. Sovib qolgan uy va fabrikalarni isitish uchun ko‘mir yoqish boshlanadi. Mo‘rilardan chiqayotgan past sifatli ko‘mir tutuniga avtomobil va dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi avtobus tutuni ham qo‘shiladi. Bir necha soat ichida Londonni sarg‘ish tutun qoplab oladi. Albatta, bunday smog London aholisi uchun yangilik emas edi, biroq bu safar tuman ancha quyuqlashgan.

Foto: BigPicture

Antisiklon natijasida yuqori havo bosimi Angliya janubida turib qoladi va bu havo haroratining o‘zgarishiga olib kelgan. Sovuq havo issiq havodan yuqoriroqda turib qoladi hamda shahar yuzini havo tomchilariga qo‘shilgan zaharli moddalar tutuni egallaydi. Haroratning o‘zgarishi oltingugurtli ko‘mir tutunining atmosferaga ko‘tarilib ketishiga yo‘l bermaydi, chunki tutunni uchirib olib ketuvchi shamol pastda yo‘q edi. Zaharli smog London osmonining pastida, shahar yuzida turib qoladi. Natijada tarixdagi eng dahshatli va ifloslangan tuman paydo bo‘ladi.

Tuman shu qadar quyuqlashadiki, shaharning ba’zi qismlarida odamlar yurish paytida o‘z oyoqlarini ko‘rmay qoladi. Besh kun davom etgan smog shahar infratuzilmasini falaj qilib qo‘yadi. Metrodan boshqa barcha transport faoliyati ishdan chiqadi. Poyezdlar va Temzadagi qayiqlar harakati to‘xtatiladi, parvozlar bekor qilinadi. Hukumat ota-onalardan farzandlarini maktabga yubormasdan uyda olib qolishni so‘raydi. Jinoyatchilik darajasi oshadi. Shahardagi chorva mollari esa yoppasiga bo‘g‘ilib o‘la boshlaydi. Ko‘chadan qaytgan odamlarning yuz va qo‘llari ko‘mirchilarnikidek qop-qora bo‘lib qoladi.

Foto: BigPicture

Ahvol 9-dekabrga kelibgina — g‘arbdan esgan shamol oltingugurtli smogni London osmonidan Shimoliy dengiz tomon olib ketgach, o‘nglana boshlaydi. Smoglar odatiy hol bo‘lgani sabab aksariyat londonliklar bu safargi smog ayanchli oqibatlar keltirib chiqarganini dastlab tasavvur ham qilmagan. Bir necha haftadan so‘ng e’lon qilingan raqamlar esa jamoatchilikni dahshatga solgan, yuz bergan voqea shunchaki tutunli tuman emas, balki “Buyuk smog” ekanini ko‘rsatgan.

Uinston Cherchill hukumati avvaliga ma’lumotlarni yashirishga uringan. Ammo “kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” deganlaridek, Londonda marhumlarning tobuti ustiga qo‘yish uchun gul va tobutlar qolmagach, rasmiylar oxir-oqibat “Buyuk smog”ga doir axborot va raqamlarni oshkor qilishga majbur bo‘ladi.

Foto: BigPicture

Hukumat e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, “Buyuk smog” davrida London atmosferasiga ming tonna tutun zarralari, ikki ming tonna karbonat angidrid, 140 tonna xlorid va 14 tonna ftor moddalari ko‘tarilgan. Tutunli tuman tarkibida 370 tonna oltingugurt dioksidi va 800 tonna sulfat kislota mavjud bo‘lgani aniqlangan.

Hukumat hisobotida “Buyuk smog” oqibatida 4 ming kishi hayotdan ko‘z yumgani aytiladi. 1953-yil fevral oyida Britaniya parlamentining Jamoalar palatasi qurbonlar soni aslida ko‘proqligi, “Buyuk smog”dan keyingi hafta va oy davomida yana 8 ming kishi vafot etganini e’lon qiladi. Umumiy hisobda “Buyuk smog” 12 ming kishining umriga zomin bo‘ladi, 25 ming inson kasallik ta’tiliga chiqishga majbur bo‘ladi. Chorva mollari bilan bog‘liq talafot esa hisoblab chiqilmaydi.

Foto: BigPicture

“Buyuk smog” barchani sergak torttiradi. Bu shafqatsiz saboq havo ifloslanishi haqidagi fikrlarning o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Sanoatda yangi ekologik standartlar qabul qilina boshlanadi. Buyuk Britaniya hukumati ko‘mir o‘rniga gaz va elektrdan foydalanishni joriy qiladi. Oradan 4 yil o‘tib, ekologiya tarixidagi muhim qonun — shaharlarda ko‘mir yoqishni cheklab, sanoat korxonalarni shaharlardan uzoqlashtirgan “Toza havo to‘g‘risidagi qonun” qabul qilinadi.

Shunga qaramay, insoniyat keyinchalik yana bir necha halokatli smoglarni boshdan o‘tkazdi. Ammo ularning hech biri “Buyuk smog” darajasida dahshatli bo‘lmagan.

Bolsheviklar tomonidan portlatilgan Najotkor Masih sobori

1931-yil 5-dekabr kuni Moskvada Rossiyaning asosiy sobori — Najotkor Masih cherkovi portlatilgan edi. Oradan 60 yil o‘tgach, u qayta tiklangan.

Najotkor Masih cherkovining portlatilishi, 1931-yil / Yangi Najotkor Masih cherkovi, 2021-yil

Najotkor Masih cherkovining portlatilishi, 1931-yil / Yangi Najotkor Masih cherkovi, 2021-yil
Foto: “TASS”

Cherkovning qurilish ishlari qariyb 44 yil davom etgan: 1839-yil sentabrdan 1883-yil mayga qadar. U Rus imperiyasi armiyasining Napoleon bilan jangda halok bo‘lgan askarlari xotirasiga qad rostlagan. Cherkov tez orada Moskvaning nafaqat diniy, balki madaniy hayoti markaziga aylangan. 1882-yil 20-avgustda u yerda Chaykovskiy “Uvertyura”si ilk bor ijro etilgan.

Barchasi 1917-yilgi inqilobga qadar shunday davom etgan. Najotkor Masih cherkovi yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan obyektlar qatoriga kiritilgan — uning o‘rnida yangi Sovetlar saroyini qurish rejalashtirilgan. Sovetlar saroyining umumiy balandligi 415 metrga yetishi va shu orqali yangi inshoot dunyodagi eng baland binoga aylanishi kerak edi. Moskva rahbariyatiga boshqa loyiha ham taklif etilgan: cherkov o‘rniga Leninning haykalidan iborat ulkan minora qurilishi lozim bo‘lgan.

Najotkor Masih cherkovning taqdiri 1931-yil 2-iyun kuni hal etilgan. O‘sha yilning 18-avgustida uni buzish ishlari boshlangan, ammo bu ish kutilganidan ko‘proq qiyinchilik tug‘dirgani bois cherkovni portlatib yuborishga qaror qilingan. 1931-yil 5-dekabr kuni urush qurbonlari xotirasiga qurilgan yodgorlik yo‘q qilingan. Mish-mishlarga ko‘ra, cherkov birinchi portlashga dosh bergan, shundan keyin ishchilar unga yangi portlovchi qurilmalarni otgan.

Cherkov bo‘laklaridan Moskvadagi yangi binolarni qurishda foydalanilgan. Masalan, marmar plitalar “Kropotkiskaya” va “Oxotnichiy ryad” metro stansiyalariga, qahramonlar nomi yozilgan plitalarning bir qismi esa bog‘lardagi yo‘laklarga yotqizilgan.

Najotkor Masih cherkovi o‘rnida Sovetlar saroyi baribir paydo bo‘lmagan — keng ko‘lamli qurilish uchun tayyorlangan metall konstruksiyalar 1941-yilda tanklarga qarshi to‘siqlar uchun ishlatilgan. Urushdan keyin “imperiya” loyihasiga qaytmaslikka qaror qilingan, shu bois uzoq yillar cherkov o‘rni ulkan xandaqligicha qolgan. Xrushchyov davriga kelib esa u yerda afsonaviy “Moskva” basseyni qurilgan.

Najotkor Masih cherkovini qayta tiklash g‘oyasi 1980-yillar oxirida paydo bo‘lgan. O‘shanda poytaxtda jamoat tashabbuskorlar guruhi tuzilib, mablag‘ yig‘ishni boshlab yuborgan. 1990-yil 5-dekabr kuni tamal toshi qo‘yilgan, qurilishning o‘zi esa rasman 1994-yilda boshlangan.

1996-yil 6-avgust kuni patriarx Aleksiy II cherkovdagi birinchi muqaddas marosimni o‘tkazgan, 1999-yilda esa u ikki qavatliga aylantirilgan. 1999-yil 31-oktabr kuni cherkov foydalanishga topshirilgan.

Najotkor Masih cherkovi va uning oldiga Aleksandr III ga atab o‘rnatilgan yodgorlik, 1917-yil

Najotkor Masih cherkovi va uning oldiga Aleksandr III ga atab o‘rnatilgan yodgorlik, 1917-yil
Foto: “RIA Novosti”.

Cherkovning Kreml tomonidan ko‘rinishi, 1920-yil

Cherkovning Kreml tomonidan ko‘rinishi, 1920-yil
Foto: “RIA Novosti”

Najotkor Masih cherkovining buzilishi, 1931-yil

Najotkor Masih cherkovining buzilishi, 1931-yil
Foto: “TASS”

Yangi cherkov qurilishi, 1996-yil

Yangi cherkov qurilishi, 1996-yil
Foto: “RIA Novosti”

“Moskva siti” va Najotkor Masih cherkovi, 2019-yil

“Moskva siti” va Najotkor Masih cherkovi, 2019-yil
Foto: “RIA Novosti”

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiya va Suriyadagi zilzila nega halokatli oqibatlarga olib keldi?
Mahalliy
“Qardoshlarimizga hamdardmiz”. O‘zbek jamoatchiligi Turkiyadagi zilzilaga munosabat bildirdi
Dunyo
Turkiya va Suriyadagi kuchli zilzila: Vayronalar ostidan odamlar qidirilmoqda — fotoreportaj