O‘zbekistonda OIV bilan kasallanganlar soni ochiqlandi
Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori o‘rinbosari Gulifor Normuratova fuqarolarni OIV va OITS kasalligiga qarshi davolash borasida O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2001-yilda O‘zbekiston OIV infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro majburiyat deklaratsiyasini imzolagan. Unga ko‘ra, hujjatga qo‘shilgan barcha davlatlar epidemiyaning oldini olishga qaratilgan umumiy siyosat, strategiya va yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlashi zarur.
Deklaratsiya maqsadlariga muvofiq, 2030-yilda OIV infeksiyasi epidemiyasiga barham berish uchun barcha davlatlar oldiga 2025-yilgacha quyidagi 3 ta tamoyil asosidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya qilingan:
- OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning kamida 95 foizi u bilan kasallanganini bilishlari kerak;
- OIV infeksiyasi yuqtirib olgan shaxslarning kamida 95 foizi maxsus antiretrovirus davolash bilan qamrab olinishi zarur;
- maxsus antiretrovirus terapiya olayotgan shaxslarning kamida 95 foizida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajada kamaygan bo‘lishi lozim.