Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

28-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan “kasseta mojarosi” — Ukraina prezidenti kabinetiga o‘rnatilgan diktofon, Antarktidaga uchgan samolyot halokati hamda Ruzvelt, Cherchill va Stalin ishtirokida Tehron konferensiyasining o‘tkazilishiga oid faktlar o‘rin olgan.

Ukraina prezidentining shaxsiy kabinetiga o‘rnatilgan diktofon

2000-yilning 28-noyabr kuni ukrainalik deputat Aleksandr Morozov Oliy Rada minbaridan turib “Melnichenkoning plyonkalari” nomli diktofonga yozib olingan ovozlarni ommaga e’lon qilgandi. Unda Ukrainaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Leonid Kuchmaning ovoziga o‘xshash erkak 16-sentabr kuni bedarak yo‘qolgan jurnalist Georgiy Gongadzeni o‘ldirish bo‘yicha buyruq berganini eshitish mumkin edi.

Leonid Kuchma

Leonid Kuchma
Foto: “RIA Novosti”

Nikolay Melnichenko kim?

Ukraina xavfsizlik xizmati mayori Nikolay Melnichenko ikki yil davomida prezidentning shaxsiy kabinetidagi gap-so‘zlarni yashirin ravishda yozib olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kuchmadan hafsalasi pir bo‘lib, korrupsiyaga barham berishga qaror qilgan.

Melnichenkoning aytishicha, u xizmati davomida davlat rahbarining kabinetida “kamchilik” topgan va u yerga signalizatsiya hamda videokamera o‘rnatishni talab qilgan. “Men Kuchmaning kabinetida yashirinish mumkin bo‘lgan joy — shkaf borligini aytganman. Davlat qo‘qiqlash xizmatidan bo‘lgan birro xodim shkafga yashirinib, prezidentni o‘ldirishi va boshqa eshikdan bemalol chiqib ketishi mumkin”, — degan sobiq soqchi.

Biroq rahbariyat Melnichenkoning iddaolariga e’tibor qaratmagan. Shunda u tajriba sifatida shkafga o‘zi kirib olgan. Shu vaqtda kabinetga Kuchma kirib kelgan, mayor esa undan chiqishga ulgurmagani bois yarim kun davomida shkaf ichida qolgan — shundagina Ukraina prezidenti “haqiqiy bosqinchi” ekanini anglab yetgan.

Kuchma kabinetidagi shkafda o‘tkazgan yarim kunim fikrlarimni butunlay o‘zgartirib yubordi. Men kimga xizmat qilayotganimni va mamlakatni kim o‘marayotganini tushunib yetdim. Shundan keyin har kuni kabinetga kirib, u yerda diktofon” qoldirib keta boshladim”, — deydi u.

Melnichekni o‘z kassetalaridan birini Sotsialistlar partiyasi rahbari Aleksandr Morozovga bergan, u esa o‘z navbatida audioni xalqqa e’lon qilgan.

“Melnichenko plyonkasida nima deyilgandi?”

Parlament yig‘ilishida Morozov plyonkadagi ovozlar Ukraina prezidenti Kuchma, Prezident Administratsiyasi rahbari Vladimir Litvin, ichki ishlar vaziri Yuriy Kravchenko va Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Leonid Derkachga tegishli ekanini ma’lum qilgan. Suhbat ishtirokchilari journalist Gongadzeni nima qilish haqida gaplashgan.

Ushbu audioyozuvlarning e’lon qilinishicha, “kasseta mojarosi”ni keltirib chiqargan va Kuchma jamoatchilik tomonidan jurnalistning bedarak yo‘qolishida ayblangan.

Hukumat munosabati va tergov

Amaldagi hokimiyat o‘zining Gongadze o‘limiga aloqadorligini rad etgan, biroq 2002-yilda Oliy Rada Muvaqqat tergov komissiyasi Miroslav Gongadze va Nikolay Melnichenkoning arizalarini ko‘rib chiqib, audioyozuvni o‘rganib va AQSHda o‘tkazilgan ekspertiza xulosalarini inobatga olib, Kuchma, Litvin, Kravchenko va Derkachni jurnalistning o‘limida aybdor deb topish uchun yetarlicha asos borligini ma’lum qilgan. Bosh prokuror Svyatoslav Poskunga Ukraina prezidenti Leonid Kuchma va uning atrofidagi qator shaxslarga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atish topshirilgan.

Jurnalist Georgiy Gongadze

Jurnalist Georgiy Gongadze
Foto: “RIA Novosti”

“Melnichenkoning plyonkalari” Gongadzening o‘ldirilishi ichida dalil sifatida keltirilgan. Biroq 2011-yil 14-dekabr kuni sud Kuchmani ayblash uchun yetarlicha dalillar yo‘qligi sabab jinoyat ishini to‘xtatish va Melnichenkoning audioyozuvlarini dalil sifatida inobatga olmaslik bo‘yicha hukm chiqargan.

2008-yilda Kiyev shahri Apellyatsiya sudi Gongazdening o‘ldirilishida Ukraina Ichki ishlar vazirligining tashqi kuzatuv va jinoiy razvedka boshqarmasini uch nafar sobiq xodimini aybdor deb topgan: Nikolay Protasov 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan (u 2015-yil martda koloniyada vafot etgan), Valeriy Kostenko va Aleksandr Popovich esa 12 yilga qamalgan.

2011-yilda IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasining sobiq boshlig‘i Aleksey Pukach sud davomida Georgiy Gongadzeni shaxsan o‘zi o‘ldirganini tan olib, buyurtmachilar ismini e’lon qilgan: Leonid Kuchma, Vladimir Litvin va Yuriy Kravchenko. 2013-yil 29-yanvarda u umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Antarktidada halokatga uchragan turistik samolyot

1979-yil 28-noyabr kuni Yangi Zelandiyadan uchgan ekskursiya reysi Antarktidadagi Rossa orolining Erebus vulqoni tog‘iga urilgan edi — 257 kishi halok bo‘lgan. Avvaliga halokat uchuvchilar xatosi sabab kelib chiqqan deya hisoblangan, keyinchalik esa fojia parvoz rejasining noto‘g‘ri tuzilgani sabab kelib chiqqani aniqlangan.

Foto: Wikipedia

Air New Zealand aviakompaniyasining McDonnell Douglas DC-10-30 samolyoti naviatsiya xatoligi sabab Erebus vulqoni bilan to‘qnashib ketgan. Xatolik kompyuterga kiritilgan noto‘g‘ri parvoz rejasi tufayli yuzaga klegan. Ekipaj o‘z imkoniyatiga yuqori baho berib yuborib, bulutli sharoitda belgilangan balandlikdan ancha pastga tushgan, xavfli yaqinlashuv signali (GPWS) ishga tushgan vaqtda esa yuqorida ko‘tarilishga ulgurmagan. Vaziyat ekipajning Antarktida bo‘ylab parvozlar borasida tarjibasi kamligi sabab yanada qiyinlashgan edi. Hodisa oqibatida 257 kishi — 237 nafar yo‘lovchi va 20 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan.

1970-yillar oxirlarida Douglas DC-10’ning ekskursion parvozlari keng tarqalgan va turistlar orasida mashhur edi. Bort Yangi Zelandiyadagi Oklenddan ko‘tarilgan, keyin Antarktida qirg‘oqlariga yaqinlashib, Mak-Merdo ko‘rfazida pastlagan. Gid xuddi oddiy avtobusdagi kabi ekskursiyani olib borgan, yo‘lovchilar esa muzliklardagi peyzajlardan bahramand bo‘lib ketgan. Parvozdan 11 soat o‘tib, qaytish yo‘lida avialayner Janubiy oroldagi Kristcherda yonilg‘i quygan va yana bir soatdan keyin Oklendga qaytgan.

Foto: Wikipedia

Halokatga uchragan TE 901 reysi ham oldingilardan hech qanday farq qilmagan. Soat 07:10 da samolyot havoga ko‘tarilgan. Uni tajribali, biroq mazkur yo‘nalish bo‘yicha oldin parvoz qilmagan ekipaj boshqargan. Bortda gid va 15 nafar styuardessa bo‘lgan. Soat 12:40 larda avialayner Antarktida qirg‘og‘idagi Rossa oroli ustidan uchib o‘tgan. U 1841-yilda britaniyalik Jeyms Klark Ross tomonidan ochilgandi va hududida joylashgan faol vulqon — Erebus sabab mashhur edi.

Douglas DC-10 holatida ko‘ruvchanlik Rossa oroliga qadar ajoyib bo‘lgan, biroq 4,8 kilometr balandlikda bulutlar paydo bo‘lgan. Bunga qadar 11 ming soat parvozlarni amalga oshirgan havo kemasi kapitani Tomas Kollins 470 metrga qadar pastlashni boshlaydi. TE 901 reysining parvozi rejasiga muvofiq, turistlar Mak-Merdo qutb stansiyasini ko‘ra olishi uchun Rossa oroliga pastroq balandlikda uchishi kerak bo‘lgan. Ammo samolyot yo‘nalishdan adashib ketgan va belgilangan trayektoriyadan bir necha o‘n kilometr uzoqlikda uchgan.

470 metr balandlikka tushilishi bilan GPWS ishlab ketgan. Kapitan dvigatellarni uchish rejimiga o‘tkazgan va shturvalni o‘ziga tortgan. Biroq juda kech edi. Ekskursiya layneri katta tezlikda Erebusga urilgan: bort tom ma’noda qoyaga chaplangan va hatto yong‘in yuzaga kelmagan.

Soat 18:00 larda Kristcher aeroportidan qidiruv ishlari uchun bir nechta vertolyot yuborilgan. Soat 21:00 da samolyot yo‘qolgani e’lon qilingan. Bu vaqtga kelib Erebus qiyaligida havo kemasining bo‘laklari topilgan. 9-dekabrga qadar hududda mutaxassislar ish olib borgan.

Fojia bo‘yicha tergov ishlari 1983-yilga qadar davom etgan. Avvaliga halokat kema kapitanining past balandlikda ham uchishga qaror qilgani sabab kelib chiqqan deya hisoblangan. Biroq keyinchalik aniqlanishicha, parvoz rejasi koordinatalari 1977-uilda Yangi Zelandiya transport bo‘linmasi tomonidan bu kabi ekskursiyalar uchun ma’qullanganidan farq qilgan.

Foto: Wikipedia

Yangi Zelandiya Uchuvchilar assotsiatsiyasi raisi Endryu Ridlingning so‘zlariga ko‘ra, DC-10 halokati bugungi kunda barcha fuqarolik aviatsiyalari mavjud bo‘lgan muhim tizim — GPWS’ning takomillashtirilishiga sabab bo‘lgan. Hozirda mazkur tizimlarga sayyoraning relyeflari kiritiladi va u samolyot holatini u bilan taqqoslaydi. “Bu Erebus halokatidan xulosa qilingan eng muhim dars”, — deydi Ridling.

Uning aytishicha, hozirgi kunda takomillashgan aviatsiya texnologiyalari va uchuvchilarning mashg‘ulotlari bois bunday halokatlar yuz berish ehtimolligi juda kam.

Tehron konferensiyasi

1943-yil 28-noyabrdan 1-dekabrga qadar Tehronda antigitler koalitsiyasiga a’zo uchta davlat yetakchilari — SSSR rahbari Iosif Stalin, AQSH prezidenti Franklin Ruzvelt va Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill ishtirokida konferensiya bo‘lib o‘tgandi.

Foto: Getty Images

Mazkur uchrashuv tarixga Tehron konferensiyasi sifatida kirgan. Unda “katta uchlik” — Stalin, Ruzvelt va Cherchill birinchi marta to‘liq tarkibda to‘plangan edi.

Konferensiya Ishida, shuningdek, tashqi ishlar vazirlari, siyosiy va harbiy maslahatchilar ishtirok etgan. Sovet delegatsiyasi tarkibida tashqi ishlar xalq komissari Vyacheslav Molotov va marshal Kliment Voroshilov qatnashgan.

“Katta uchlik” uchrashuvi g‘oyasi Cherchill va Ruzvelt tomonidan 1943-yil avgustda Kvebekdagi konferensiya vaqtida ilgari surilgan. Uchrashuvni o‘tkazish joyi sifatida Tehrondan tashqari boshqa shaharlar — Bag‘dod va Qohira ham ko‘rib chiqilgan. Ammo Stalinning talabi bilan konferensiya manzili sifatida Tehron tanlangan va ushbu uchrashuv “Evrika” kodli nomi ostida o‘tkazilgan.

Foto: Getty Images

Tehron konferensiyasida asosiy e’tibor harbiy masalalarga, birinchi navbatda Yevropada ikkinchi frontni ochishga qaratilgan. Har bir tomon ittifoqchilarning Yevropaga hujumi vaqti va joyi bo‘yicha o‘z nuqtai nazarlarini bildirib o‘tgan. Ruzvelt Kvebek konferensiyasi qarorini bajarish kerak deb hisoblagan — unga ko‘ra, Yevropaga 1944-yil 1-may kuni La-Mansh orqali hujum boshlanishi (“Overlord” operatsiyasi) kerak edi. Sovet delegatsiyasi ikkita operatsiyani o‘tkazish maqsadga muvofiq degan: “Overlord” operatsiyasi va uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Janubiy Fransiyaga desantchilarni tushirish. Cherchill Italiya va Bolqonda operatsiyalarni boshlashni talab qilgan.

30-noyabr kuni Tehronda tomonlar Yevropada ikkinchi frontni ochish va uning ko‘lamlari bo‘yicha kelishuvga erishgan. 1943-yil 1-dekabr kuni SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya hukumatlari rahbarlari Tehron konferensiyasi harbiy qarorini tasdiqlagan.

Foto: Getty Images

Harbiy qarorlarga ko‘ra, “Overlord” operatsiyasi 1944-yil may oyi davomida Janubiy Fransiyada operatsiya o‘tkazish bilan boshlanishi qayd etilgan, shu bilan birga, sovet qo‘shinlari ham taxminan shu vaqtda hujumni boshlashga kelishilgan, bu Germaniya kuchlarining sharqiy frontdan g‘arbiyga ko‘chirishining oldini olishi kerak edi. Bundan buyon uch davlatning harbiy shtablari Yevropada bo‘lajak operatsiyalar yuzasidan bir-biri bilan yaqin aloqada bo‘lishi va bu shtablar o‘rtasida dushmanni aldash rejasini kelishib olish ko‘zda tutilgan edi.

G‘arb ittifoqchilari Janubi-Sharqiy Yevropadagi o‘zlarining harbiy-strategik rejalaridan kelib chiqib, Yugoslaviya partizanlariga yordamni oshirish va Turkiyani Germaniya qarshi urushga tortishni taklif qilgan. Ikkinchi frontni ochish muloqoti davomida sovet hukumati rahbari Germaniya mag‘lubiyatidan keyin SSSR Yaponiya bilan urushga kirishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Foto: Getty Images

Konferensiyada harbiy masalalardan tashqari, urushdan keyingi rejalar ham muhokama qilingan. AQSH urush tutgagach, Germaniya beshta avtonom davlatga bo‘lib tashlash masalasini o‘rataga tashlagan. Buyuk Britaniya Germaniyani Prussiyadan ajratishni, mamlakat janubiy viloyatlarini Avstriya va Vengriya bilan birga Dunay konferensiyasiga kirishni taklif qilgan. Sovet delegatsiyasi ushbu rejalarni qo‘llab-quvvatlamagan. Germaniya masalasi muhokamasini Yevropa konsultativ komissiyasiga berishga qaror qilingan.

Tehron konferensiyasida Kenigsbergni SSSRga topshirish qarori bo‘yicha kelishilgan. Konferensiya yakunida “Uch derjava deklaratsiyasi” e’lon qilingan. Hujjatga ko‘ra, “katta uchlik” rahbarlari Germaniya qurolli kuchlarini yakson etish muddati va operatsiyalar ko‘lami bo‘yicha rejalarini kelishgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiya va Suriyadagi zilzila nega halokatli oqibatlarga olib keldi?
Mahalliy
“Qardoshlarimizga hamdardmiz”. O‘zbek jamoatchiligi Turkiyadagi zilzilaga munosabat bildirdi
Mahalliy
Shavkat Mirziyoyev harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv bo‘yicha qarorni imzoladi