Avval xabar berilganidek, Parijda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistonning qadimiy madaniyati va an’analariga bag‘ishlangan ikkita ko‘rgazma ochiladi.
Shulardan biri, Arab dunyosi institutida bo‘lib o‘tadigan “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari” nomli ko‘rgazma hisoblanadi. Ushbu ko‘rgazmada 2022-yil 23-noyabrdan — 2023-yil 4-iyungacha O‘zbekiston Respublikasining 9 ta muzeyidan 300 dan ortiq eksponatlar namoyish etiladi. Bular — to‘qimachilik, kiyim-kechak, poyabzal, bosh kiyim, 19-asr oxiri — 20-asr o‘rtalariga oid zargarlik buyumlari, Buxoro amirligi davriga oid zardo‘z choponlar, shuningdek, davlat muzeylari kolleksiyalaridan Turkiston avangardiga oid suratlar. Shuningdek, unda Nukus shahridagi I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi kolleksiyasidan Turkiston avangardining 24 ta rangtasvir asarlarini ko‘rish mumkin.
So‘nggi uch yil davomida ko‘rgazmalarga katta tayyorgarlik ishlari olib borilgan. Bir qancha o‘zbek-fransuz qo‘shma ekspeditsiyalari bo‘lib o‘tdi, ular davomida ko‘plab arxeologik kashfiyotlar qilinib, bir necha bosqichda restavratsiya ishlari olib borilgan.
Institutning birinchi va ikkinchi qavatidan o‘rin olgan ko‘rgazma 1100 m2 dan ortiq maydonni egallaydi. Unda O‘zbekistonning chinakam madaniy xazinalarini ifodalovchi: hashamatli zardo‘z chopon hamda aksessuarlar, qo'lda yasalgan yog'och egar, firuza bilan kumushdan yasalgan jabduqlar, bejirim so'zanalar (kashta), gilamlar, ipak adraslar, chiroyli zargarlik buyumlari mahsulotlari, bosh kiyimlar, mashhur sharqshunos rassomlarning 20 ta asarlari shular jumlasidan. Bu boy to'plam O‘zbekistonning tamaddunlar beshigi, madaniyatlar va an’analar chorrahasi sifatidagi asl o‘zligini ifodalaydi.
Ko‘rgazma quyidagi bo‘limlardan tarkib topishi qayd etilgan:
Zardo‘z choponlar bo‘limi
Qur’on suralari bitilgan choponlar bo‘limi
Kashtado‘zlik bo‘limi
Qoraqalpoq libosi bo‘limi
Ipak choponlar bo‘limi
I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi kolleksiyasidagi rasmlar
Birinchi bo‘limda erkaklar milliy libosining asosiy elementlaridan biri zardo‘z choponlarni ko‘ramiz. Zar tikish san’ati qadimdan hozirgi O‘zbekiston hududida keng tarqalgan va rivojlangan bo‘lib, 19-asrda Buxoro amirligida Said Muzaffaruddin Bahodirxon (1860-1885) davrida o‘ziga xos rivojlanish darajasiga ko‘tarilgan. Buxoroda amirlarning qarorgohi - Ark qoshida maxsus ustaxonalar tashkil etilib, ularda faqat amir saroyiga xizmat qiluvchi erkak zardo‘zlar ishlagan. Buyurtmachining ijtimoiy mavqeyiga ko‘ra, erkaklarning zardo‘z choponlari - zarto‘nlar uchta asosiy turga bo‘lingan: darham, buta-dor va davri-kur. Darham (forscha — darhamdigar so‘zidan olingan, ya’ni bir-biriga kirgan elementlar) Buxoro saroyining hukmdori va oliy martabali zodagonlari uchun mo‘ljallangan, eng qimmat va oliy hisoblangan. Ushbu ko‘rgazma oynasida Buxoro muzey-qo‘riqxonasi kolleksiyalaridan o‘rin olgan amir Olimxon va otasi Abdulahadxonlar kiygan shu turdagi choponlarni ko‘rish mumkin.
Ushbu ko‘rgazmaning noyob eksponatlaridan biri Xiva shahridagi “Ichan qal’a” muzey-qo‘riqxonasi kolleksiyasidagi chopondir. Chopaning yuqori qismi Qur’on suralari bilan bezatilgan. 19-asrning oxiriga oid bu libosni Shayx-ul-Islom Xiva xonligining alohida kunlari - bayramlarda, davlat tadbirlari, shuningdek, fatvolar e’lon qilinishida kiygan. Chopondagi kashtalarning muqaddas mazmunini hisobga olgan holda, bunga uni kiygan inson qonun va adolat doirasida qaror qabul qiladi va fatvo aytish mas'uliyatini o'z zimmasiga oladi, deb ishonishgan. Bu turdagi choponlarda Qur’on oyatlari, Alloh va payg‘ambarlarning ismlari, shuningdek, raqamlar qo‘llaniladi. Bularning barchasi insonni yovuzlikdan himoya qiladi, deb ishonilgan. Ushbu liboslar qat'iy maxfiylik sharoitida yaratilgan. Hech qayerda xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qat’iy nazorat qilingan.
Ko‘rgazmada Toshkent, Jizzax, Samarqand, Shahrisabz, Nurota, Buxoro kabi shaharlardagi so‘zani kashtachilik namunalari namoyish etiladi. Kashtado‘zlik naqshlari juda xilma-xil, lekin har doim ustun bo‘lgan ikkita tur mavjud: gullar va yulduzlar. Gul naqshlari Buxoro, Nurota, Shahrisabz, Qarshi, Farg‘ona vodiysi shaharlarida ustunlik qilsa, samoviy timsollar Samarqand, Urgut, Jizzax, Toshkent, Pskentga xos.
Ko‘rgazmadagi yana bir bo‘limda I. V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi va Qoraqalpog‘iston tarix va madaniyat muzeyi Davlat muzeyi eksponati - qoraqalpoq milliy libosi elementlari taqdim etilgan. Vitrinada Qoraqalpoq kelinining o‘ziga xos marosim libosi Ko‘k ko‘ylekni tomosha qilish mumkin. Qizlar birinchi marta nikoh yoshida, bayramlarda va to‘ylarda ko‘k ko‘ylak kiyishgan. Ushbu libos an’anaviy Tobelik bosh kiyimi bilan kiyilgan.
Yana bir bo‘limda shoyi, yarim ipak va paxtadan tikilgan 24 ta an’anaviy liboslar taqdim etilgan. Ularni viloyatlar bo‘yicha uchta asosiy guruh: Xorazm, Samarqand va Buxoro, shuningdek, Toshkent hamda Farg‘ona vodiysi shaharlariga bo‘lish mumkin.
Izoh (0)