Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Jeyms Skott umrining 36 yilini qamoqxonada o‘tkazgan bokschi. U qamoqda bo‘lsa ham professional boks bilan shug‘ullangan. Skott 1978-yilning 12-oktabrida Eddi Gregori bilan jangga chiqqandi.

Foto: To Fight

Jeyms Skott 1947-yil 17-oktabr sanasida Nyu-Jersida tavallud topgan. Oilada 12 farzandning ikkinchisi edi. Jeyms 10 yoshida boks qo‘lqoplarini sovg‘a sifatida oladi, biroq ular Skottga asqatmaydi. Otasi va onasi ajrashadi. Skott va uka-singillari gettoda voyaga yetadi. Jeymsning sutenyorlik va narkotik moddalarga aloqasi bo‘lmagan, lekin ko‘cha bezorilari to‘dasining a’zosi edi.

Skott 13 yoshida “Jeymsburg” nomli voyaga yetmaganlar uchun axloq tuzatish muassasasiga tushib qoladi. Keyingi besh yil davomida u Nyu-Jersidagi ko‘plab ta’lim muassasalarida bo‘ladi. Maxsus tayyorgarlik dasturi tufayli yosh Jeyms boks bilan shug‘ullana boshladi. 18 yoshida Skott uch g‘alaba va ikkita mag‘lubiyatdan iborat havaskor rekordga ega edi.

1965-yilda uning axloqini tuzatib bo‘lmaydi deb hisoblanib, “Trenton” davlat qamoqxonasiga o‘tkaziladi. “Trenton”da yosh yigit qurolli talonchilik tufayli 16-yilini qamoqxonada o‘tkazayotgan 51 yoshli El Dikkens bilan tanishadi. Dikkens yoshligida boks bilan shug‘ullangan va yosh, isyonkor Skottni yana ushbu sport turiga qiziqishiga sababchi bo‘ladi.

Xuddi shu qamoqxonada o‘rta vazn toifasida sobiq jahon chempioni Rubin Karter ham bo‘lib, tajribasiz Skott u bilan sparringda uch raund dosh berishga muvaffaq bo‘lgan. Karter va Dikkensning qo‘llab-quvvatlashi bilan Jeyms boks bilan jiddiy shug‘ullana boshlaydi.

1968-yil 5-noyabrda u “Trenton”dan ozodlikka chiqadi va darhol o‘g‘rilik tufayli yana hibsga olinadi. Bu safar uning oldida 13 yildan 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etish xavfi turardi. Skott shu qadar o‘z ishining ustasiga aylandiki, davlat qamoqxonalari chempionatida g‘alaba qozongach, yosh nomzodlar u bilan jang qilishdan bosh tortardi.
1967-yildan boshlab men qamoqxonada barchani urgandim. Yosh edim, hech qanday maqsadim bo‘lmagan. “Vrum”da (“Trenton”dagi davlat psixiatrik shifoxonasi, maxsus qo‘riqlash xizmati yordami xavfli mahbuslar joylashtirilgan) 15 oyimni o‘tkazganman. U yer shu vaqtga qadar bo‘lgan joylarim ichida eng yomoni. Bu esa kelajagim haqida o‘ylash imkoniyatini berdi, — deya eslaydi Jeyms Skott.

Foto: To Fight

1974-yilning yanvarida Skott ozodlikka chiqadi. Umrining yarmini qamoq va koloniyalardan o‘tkazgan Jeyms Mayamida professional boksga kirib boradi. O‘sha yilning 22-yanvarida debyut jangini yengilmas super og‘ir vazn toifasi vakili Jon Jonsga qarshi o‘tkazadi. Avvaliga nokdaunni qabul qilib olgan Skott bir necha raund keyin raqibini nokautga uchratadi. Ikki haftadan keyin yana bir jang o‘tkazadi va shu bilan prof boksdagi yurishi boshlanadi.

1975-yilning may oyida Skott qotillikda gumonlanib hibsga olinadi. Uning mashinasidan qotillik alomatlari bilan jasad topiladi. Bokschi mashinani do‘stiga berib turgani va qotillikka aloqasi yo‘qligi aytadi. Biroq guvohlar ko‘rsatmasi bilan sud uni aybdor de topadi.

1976-yilning 22-martida Trentonga qaytadi, bir yildan keyin esa “Rahway State”ga o‘tkaziladi. Unga qamoqxona xizmatchilaridan biri Robert Hetrak yaqindan yordam beradi. Hetrak davlat qamoqxonasida boks birlashmasini tuzadi va Skott bilan sparringga rozi bo‘lgan mahbuslarga pul to‘laydi. Shu tariqa Skott to‘laqonli mashg‘ulotlarga ega bo‘ladi. Ularning maqsadi bir edi — qamoqxonada qo‘lga kiritilgan ilk chempionlik kamari.

Bu g‘oya ertakdek ko‘rinardi, biroq Hetrak uni ro‘yobga chiqarish uchun bor harakatni ishga soladi. U Bob Arumdan tortib Don Kinga qadar ko‘plab promouterlarga aloqaga chiqadi. Biroq faqat bir shaxs tavakkal qilishga rozi bo‘ladi — Muhammad Alining do‘sti Murod Muhammad.

Boshqa biznesni tark etib endigina promouterlik sohasiga kirib kelgan Muhammad Skottga raqib topadi. 24-may kuni Jeyms 3,5 yillik tanaffusdan ringga chiqadi va ikki raunddayoq masalani hal qiladi. Keyingi jang sentabrda bo‘lib o‘tadi, bu safar Skott raqibini 4 raundda qulatadi va 600 dollar gonorarga ega bo‘ladi.

Murod o‘z qo‘l ostidagi iqtidor egasini TVga olib chiqishni xohlaydi, buning uchun top-raqib kerak etdi. Mayk Rossmaning kamariga majburiy da’vogar Eddi Gregori ideal raqib edi. Muhammad Eddi Mustafo Muhammad nomi bilan mashhur bo‘lgan bokschiga Skott bilan qamoqxonada jang uchun 15 ming dollar taklif qiladi. Skottning gonorari esa bor-yo‘g‘i 2,5 ming dollar edi.

Foto: To Fight

1978-yil 12-oktabrda Skott Edvard Gregori (29-3-1) bilan ringga chiqdi. Jang Skott bo‘lib turgan Nyu-Jersidagi “Rahway State” qamoqxonasida bo‘lib o‘tdi. Eng hayratlanarlisi 450 ta chipta sotilgan va HBO telekanali jangni jonli efirda ko‘rsatgan.

Dastlabki soniyalardanoq Skott ildamroq harakat qila boshladi. Gregori esa javob qaytarishga diqqatini qaratdi. 4-raundda uning chap ko‘zida katta gematoma paydo bo‘lаdi. O‘sha oqshomda Skott ringda raqibiga nisbatan ko‘proq ishlar qildi.

Jeyms yakunda hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozondi.

HBO sharhlovchisi Larri Marchant Skottning yoniga borib: “Yillar davomida buni orzu qilganding, bu sening mehnating, uzoq va yolg‘iz qilgan sayohating. Hozir nima haqida o‘ylayapsan?”, — deya savol beradi.

“Janob Hetrak meni uyimga qo‘yib yuboradi deb umid qilaman”, — javob beradi Jeyms.

“Uy” so‘zini eshitgan Eddi Gregorining yuziga tabassum yuguradi. U Skott tomonga qayrilib, unga qaradi. Bu paytda Jeyms mikrofonni olib, g‘alabasi haqida gapirardi. Gregori esa uni eshitmasdi. U Skott qanday qilib uyiga qaytishi haqida o‘yladi. Shu vaqtda yuzidagi tabassum darhol yo‘qoldi. Shundagina Jeyms bilan orasidagi farqni tushundi. U o‘sha oqshomda qamoqxonadan chiqib ketadi va ozod odam sifatida uyiga borib, o‘z yotog‘ida dam oladi. Va unda chempionlik kamariga ega chiqish imkoniyati bo‘ladi. Biroq Skott hali qamoqxonada ancha qolishi kerak. Eddining yuzini qayg‘u egallaydi.

O‘sha jangdagi hakamlardan biri Harold Lederman 2012-yilda o‘sha kundagi voqealarni eslab: “Jeyms Skott men ko‘rgan yarim og‘ir vazn toifasidagi eng yaxshi bokschi edi. Hattoki Bob Foster va Archi Mur ham unchalik yaxshi bo‘lgan deb o‘ylamayman”, — degandi.

Skott qamoqxonadagi kamerasida

Skott qamoqxonadagi kamerasida
Foto: To Fight

1979-yilda promouter Skottga yana bir nomdor raqib topadi. Alvaro Lopes — o‘sha vaqtda WBA kamariga majburiy da’vogar, chempion Viktor Galindes esa tituldan mahrum qilingandi.

Muhammad WBA’dan Skott va Lopes o‘rtasidagi jang vakant kamar uchun bo‘lib o‘tishini so‘raydi. Biroq WBA qamoqxonadagi chempionlik jangi tashkilot obro‘sini tushirib yuborishidan qo‘rqib, unga rad javobini beradi va Galindesga titul qaytarib beriladi.

Avvaliga Skott norozilik belgisi sifatida faoliyatini tugatganini ma’lum qiladi, biroq oxir-oqibat ringga chiqadi. Jang 1979-yilning 1-dekabrida bo‘lib o‘tadi va Skott raqibi ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, “Men chempionman!”, deya hayqiradi.

Bu uning faoliyatidagi so‘nggi triumf edi. Shundan 5,5 oy o‘tib, ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. 1981-yilning avgustida g‘alaba qayd etdi va bir oydan keyin o‘z shogirdi Duayt Brekstonga yutqazdi. Bu uning faoliyatidagi so‘nggi jang bo‘ldi. Shunday keyin Skott bir necha bor qamoqxona almashtirdi, tezda ommaning esidan chiqdi. Hatto yangi xonadoshlari ham uni tanimasdi.

Foto: To Fight

Jeyms Skott baribir ozodlikka chiqdi. 2005-yilda, 58 yoshida u qamoqxonadan chiqdi. U jami 36 yilini qamoqda o‘tkazdi.

Uning professional ringdagi rekordi 19-2-1 (11 KO). Skott Nyu-Jersidagi boks shon-shuhrat zaliga kiritilgan.

Ozodlikda Jeymsni nazorat qilgan ofitser u bilan birga boks zali qurgan va Skott u yerda bolalar bilan birga ishlagan.

Jeyms umrining so‘nggi yillarida demensiya bilan og‘rib, 2018-yilning 8-may kuni 71 yoshida hayotdan ko‘z yumadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Madaniyat
“Xudodan qo‘rqmagan odamdan qo‘rqdim”. O‘zbekiston xalq artisti Bobomurod Hamdamov oilaviy nizolar tufayli ijara uyda yashamoqda (video)
Mahalliy
“Odamlar o‘limida o‘zimni aybdor hisoblamayman” — Nukusdagi tartibsizliklar yetakchisi Dauletmurat Tajimuratov
Mahalliy
Samarqandda o‘quvchining onasi “zamdirektor”ni kaltakladi