Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy haftadagi ish grafiki haqida ma‘lumot berildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Sherzod Asadovning aytishicha, boshlangan haftada davlat rahbarining ish jadvali avvalgi haftadagidek ham ichki, ham tashqi siyosiy masalalarda qator tadbir, uchrashuv va tashriflar o‘rin olgan.
“11-oktyabr kuni davlat rahbari mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Tatarston Respublikasi rahbari Rustam Minnixanovni qabul qiladilar. Unda hududlararo hamkorlikni yangi mazmun va aniq loyihalar bilan yanada rivojlantirish hamda amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi qo‘shma dasturlarni yanada jadallashtirish masalalarining muhokamasi ko‘zda tutilgan”, — deydi Sherzod Asadov.
Shuningdek, 12-14-oktyabr kunlari prezident Osiyoda hamkorlik va o‘zaro ishonch choralari bo‘yicha kengash yig‘ilishi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi hamda “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga tashrif buyuradi.
Tashrif kun tartibida xorijiy davlatlar, shu jumladan, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Vitse-prezidenti Vo Txi An Suan, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif va bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari hafta davomida prezidentning mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga bag‘ishlanagan qator muhokamalarni o‘tkazishlari rejalashtirilgan.