Toshkent shahrida 9-iyul kuni Qurbon hayiti namozi o‘qilishi munosabati bilan fuqarolarning masjidlarga kelib ketishi uchun maxsus avtobuslar tashkil etiladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar qildi.
Qayd etilishicha, maxsus avtobus yo‘nalishlarining harakatlanish chizmasini ushbu havola orqali bilib olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 9-iyul kuni mamlakatda Qurbon hayiti bayrami nishonlanadi. Shu va 10, 11, 12-iyul kunlari dam olish kuni deb belgilangan. Bu kunlari Toshkent shahrida jamoat transporti qisqartirilgan jadval asosida harakatlanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekistondagi jome masjidlarda Qurbon hayiti namozini o‘qish vaqtlari ma’lum bo‘ldi. Toshkent shahri masjidlarida 2022-yil 9-iyul shanba kuni ertalab soat 05:20 da Qurbon hayiti namozi o‘qiladi.
Ma’lumot uchun, Toshkentda Ramazon hayit namozi o‘qilishi munosabati bilan ham maxsus avtobus yo‘nalishlari tashkil etilgandi. Ushbu avtobus yo‘nalishlari soat 03:00 dan 06:00 ga qadar fuqarolarga xizmat ko‘rsatgan.