Shimoliy Koreyadan qochib o‘tgan bir guruh odamlar KXDRga COVID-19 ga chalinganda zarur bo‘ladigan dori-darmonlarni hamda Pxenyanni qoralovchi bannerlarni havo sharlari yordamida yubordi. Bu haqda Janubiy Koreyaning “Ryonxap” agentligi xabar bermoqda.
“Erkin Shimoliy Koreya uchun kurashuvchilar” nohukumat tashkiloti Janubiy Koreyaning Kimpxo shahridan KXDRga qarata 20 ta havo sharini uchirdi, ularda 70 mingta haroratni tushiruvchi hapdorilar, 30 mingta C vitamini va 20 mingta tibbiy niqoblar bo‘lgan.
Shuningdek, havo sharlariga Shimoliy Koreyaning COVID-19 bilan bog‘liq ilk holatlar KXDRga Janubiy Koreyadan olib kirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi bayonotini rad etuvchi katta bannerlar biriktirildi.
“Biz yuqumli kasallikning Xitoydan tarqalishiga yo‘l qo‘ygan va bunda Shimolga qarshi qaratilgan varaqalarni aybdor qilgan ikkiyuzlamachi Kim Chen Inni qoralaymiz”, — deb yozilgan bannerlardan birida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR mamlakatda koronavirus tarqalishiga Janubiy Koreya bilan chegaradagi “g‘alati narsalar” sabab bo‘lganini da’vo qilgan edi. KXDRdagi shtab respublikada epidemiyaga qarshi choralarni yanada kuchaytirish bo‘yicha favqulodda ko‘rsatma berdi. Xususan, “demarkatsiya chizig‘i va chegara hududlarida topilgan g‘alati narsalardan ogoh bo‘lish” buyurildi. KXDRning aniqlik kiritishicha, noma’lum buyumlar havo va, xususan, havo sharlari orqali yuborilgan bo‘lishi mumkin.