Buyuk Britaniya turar-joy qurilishi, jamoatchilik va mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish vaziri Maykl Gouv bosh vazir Boris Jonsonga murojaat qilib, uni konservatorlar fikriga quloq solgan holda iste’fo berishga chaqirganidan keyin u bosh vazir tomonidan ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda BBC Britaniya vazirlar mahkamasi rahbarining Dauning-stritdagi qarorgohidagi manbasiga tayanib xabar berdi.
“Jamoada jiddiy bahslarda qo‘llab-quvvatlamaydigan, keyin esa matbuotga yetakchi ketishi kerakligi haqida quvonch bilan xabar beradigan ilon bo‘lishi kerak emas”, — dedi telekanal suhbatdoshi.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Jonson Gouvga qo‘ng‘iroq qilib, uning ishdan bo‘shatilganini aytgan. Sobiq vazir Maykl Gouv bosh vazirni iste’fo berishga ko‘ndirish uchun uning qarorgohiga borgani haqida Sky News xabar bergandi.
Gouv 2016 va 2019-yillarda konservatorlar partiyasi yetakchiligi uchun Jonsonga qarshi o‘z nomzodini qo‘ygan bo‘lsa-da, uning azaliy tarafdorlaridan biri hisoblanadi. Vazir bo‘lishdan avval u bosh vazir kanselyariyasi rahbari lavozimida ishlagan.
Avvalroq Sky News bosh vazirni aksariyat konservatorlarning fikriga quloq tutib, iste’foga chiqishga da’vat etganlar qatorida Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Priti Patel, G‘aznachilikning yangi kansleri Nadim Zaxaviy, Uels adliya vaziri Saymon Xart va transport vaziri Grant Shapps borligini ma’lum qilgandi.
Ayni vaqtda, raqamlashtirish, madaniyat, OAV va sport vaziri Nadin Dorris Jonson tarafida qolishini aytgan va ko‘plab hamkasblari uni qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlagandi.
BBC qayd etishicha, Jonsonning hukumatida o‘z lavozimini tark etganlar soni so‘nggi ikki kun ichida 41 kishiga yetgan.
Boris Jonsonning o‘zi iste’foga chiqishdan bosh tortib, “kurashni davom ettirishi”ni aytgan. “Boris Jonson kurashishda davom etmoqchi. U olg‘a ketishda davom etish uchun atrofida yetarlicha odamlar bor deb hisoblaydi”, — dedi Nadin Dorris.
Iyun boshida Jamoatchilik palatasining Konservativ partiyadan chiqqan a’zolari Boris Jonsonning partiya yetakchisi va mamlakat bosh vaziri lavozimida faoliyatini davom ettirishi bo‘yicha ovoz berish o‘tkazdi. Uning natijalariga ko‘ra, Jonson lavozimini saqlab qoldi.
Jonsonning tanqidchilari fikricha, koronavirus tufayli lokdaunlar va cheklovlar avjiga chiqqan paytda hukumat a’zolari tomonidan uyushtirilgan ziyofatlarni uning iste’foga chiqishi uchun sabab qilib keltirmoqda.
O‘tgan hafta Konservativ partiyaning Jamoatchilik palatasidagi bosh tashkilotchisi o‘rinbosari Kris Pincher shilqimliklar tufayli iste’fo bergan edi. Shundan keyin Jonson Pincher avval ham shilqimliklar haqidagi parlament surishtiruvi ishtirokchisi bo‘lganiga qaramay, uni yangi lavozimlarga tayinlagani uchun kechirim so‘radi.