Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumanida bir guruh fuqarolar fastfuddan zaharlangani haqida xabar berilgan edi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Viloyat prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, 6-iyul kuni fuqaro G‘.M Qo‘rg‘ontepa tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rig‘i va ich ketishidan shikoyat qilgan. Shu kunning o‘zida yana 26 nafar fuqaro sog‘lig‘ida yuqoridagi belgilar bilan tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojat qilgan.
Bemorlarda o‘tkir gastroenterit tashxisi bilan shoshilinch tibbiy muolajalar o‘tkazilgan, hozirda barcha bemorlarning umumiy ahvoli qoniqarli.
Zaharlanishga sabab bo‘lgan holatlarni aniqlash bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida bemorlarning barchasi 5—6-iyul kunlari tuman markazida joylashgan tez tayyorlanadigan yeguliklar bilan savdo qiluvchi shoxobchadan nonburger va xotdog sotib olib iste’mol qilganligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan 7-iyul kuni Qo‘rg‘ontepa tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.