Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarining Donbass va Zaporojyedagi pozitsiyalariga tashrif buyurdi. Safar hisoboti 6-iyunga o‘tar kechasi Ukraina prezidentining Telegram-kanalida e’lon qilindi.
Zelenskiy frontda harbiylar bilan suhbatlashgan, operativ vaziyat haqidagi ma’lumotlarni tinglagan, shuningdek, ularga davlat mukofotlarini topshirgan.
“Men Lisichansk va Soledarda bo‘ldim. Uchrashganlarim, qo‘l berib ko‘rishgan va suhbatlashgan insonlarim bilan faxrlanaman. Harbiylarga ba’zi narsalarni olib keldik. Bu haqda batafsil gapirmayman. Ulardan ba’zi narsalarni olib keldik. Bu muhim. Ulardan ishonch, kuch olib keldik”, — dedi Zelenskiy e’lon qilingan videoda.
Lisichansk Severodonetsk bilan chambarchas bog‘langan, hozirda shahar qisman rus harbiylari tomonidan egallab olingan.
May oxirida Zelenskiy Xarkov viloyatidagi ukrainalik harbiylarning oldingi pozitsiyalariga tashrif buyurgan edi. Bu Ukraina prezidentining urush boshlanganidan beri Kiyev viloyatidan tashqariga birinchi rasmiy safari bo‘ldi.
5-may kuni esa u Ukraina armiyasining Donbassdagi kunlik yo‘qotishlarini baholadi.
“Ukraina sharqidagi vaziyat juda og‘ir. Har kuni janglarda 60 dan 100 nafargacha askarlarimizni yo‘qotyapmiz, 500 nafar atrofidagi odamlarimiz yaralanmoqda. Biz mudofaa chegaralarini ushlab turibmiz”, — dedi Zelenskiy.