Shavkat Mirziyoyev 6-iyun kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari Qozog‘iston prezidentini mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umummilliy referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan qutlagan. Muloqotda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashilgan.
Oliy darajada erishilgan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy, fan-ta’lim va madaniy-gumanitar hamkorlik loyihalarini ilgari surish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, mintaqaviy hamkorlik, xalqaro tashkilotlar doirasidagi yaqin va samarali muloqotni davom ettirish istiqbollari muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, referendum kecha, 5-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Tuzatishlar orqali davlat rahbari vakolatlarini qisqartirish taklif etilmoqda. Shuningdek, konstitutsiyadan mamlakat birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning alohida maqomi haqidagi qaydlar olib tashlanadi. Amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev va’da qilganidek, o‘zgarishlarning barchasi “cheklovlar va qarshiliklar tizimini mustahkamlash”ga qaratilgan.