O‘zbekistonda ilmi bilan yutuqlarga erishayotgan yoshlar ko‘p. Amerika akademik baholash tizimi SAT’dan yuqori natijani — 1540 ballni qayd etgan, ko‘pgina grantlar sohibasi Ma’rifat Jamolova shular jumlasidan. SAT’dagi maksimal ball — 1600. Dunyoning ko‘plab yuqori reytingli universitetlari SAT balli 1500 bo‘lgan talabgorlarga yuz foizli grantlarni taqdim etadi.

Ma’rifat ikki yildan beri ana shunday xalqaro universitetlar grantlarini qo‘lga kiritsa-da, oliy ta’lim sifatida hech birini tanlamagan.

Xalqaro bozorda ikki yillik tajribaga ega full stack web developer Ma’rifat Jamolovaning orzusidagi universitet qaysi? Amerika akademik baholash tizimidan bunday yuqori natijani qanday qayd etgan? Qahramonimiz shu va boshqa savollarga “Daryo” bilan bo‘lgan suhbatda javob berdi.

To‘rt yil umringiz o‘tadigan universitet judayam professional bo‘lishi kerak

Uch yil avval kursdoshim Amerika universitetlariga kirish niyati bilan SATga topshirgandi. O‘shanda men ham tasodifan qiziqib qolganman. U paytlari Amerikaga ketishni imkonsiz narsa deb bilar, hatto xayolimda ham bunday reja yo‘q edi.

SAT imtihoniga ikki marta topshirganman. Birinchi marta ikki oy tayyorgarlik bilan 1420 ball oldim. Ikkinchi marta esa maxsus qandaydir tayyorgarliklarsiz 1540 ball olgandim. Xalqaro talablarga ko‘ra SAT uchun 1150—1200 o‘rtacha ball hisoblanadi. Natijalarimdan, albatta, quvonganman.

Ma’lumot uchun: SAT — AQSHda kollej, universitetlarga qabul uchun keng qo‘llanadigan standartlashtirilgan test. Testning baholash mezoni matematika hamda ingliz tili fanlaridagi sinovlar asosida bo‘ladi.

Hozirda ta’limim oliy emas. 2020-yilda AQSHning Arizona hamda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetlariga 100 foizlik grant yutib olganman. Lekin o‘qimadim. Sababi kelajakda tanlagan soham biroz boshqacharoq bo‘lgan.

2021-yilda ham AQSHning uch universiteti — Janubiy Florida, Arizona, Bostonga grant yutib oldim. Bostonga ketishim mumkin edi. Ammo Janubiy Florida va Arizonaga 100 foizli bo‘lsa, Bostonga to‘la bo‘lmagan grant edi. Bu universitet xalqaro nomzodlarga 100 foizli grantlarni bermas ekan. Afsuski, buni kech bildim. Lekin judayam yaxshi va raqobatbardosh universitet. Taxminan, topshirganlarning 15 foizini qabul qiladi.

Ma’rifat Jamolova

Foto: “Daryo”/ Ma’murjon Obrahmatov

Orzumdagi dargoh — MIT (Massachusets texnologiyalar instituti). Texnologiya sohasida ketmoqchi bo‘lganlar uchun yaxshi o‘quv maskani hisoblanadi. 2021-yili kirolmadim. Keyingi yilda ham harakat qilaman. Shuning uchun ham dunyoning yetakchi bir qancha universitetlariga kirsam-da, oliy ta’limga shoshilmayapman.

Bugun nimanidir o‘rganish uchun universitet ta’limi bo‘lishi juda zarur ham emas. O‘zim shu paytgacha ko‘p narsani mustaqil o‘rgana oldim. Masalan, IELTS’dan 7 ballgacha o‘quv markazlariga borgan bo‘lsam, karantin davomida izlanib, 8 ballgacha o‘zim olib chiqdim. Elektronika, muhandislikka ham qiziqib, mustaqil holatda ko‘plab bilimlarni oldim. Amaliyotda ham sinab ko‘rib, bir qancha loyihalarni boshlaganman. Shuning uchun ham, o‘ylaymanki, to‘rt yil vaqtingizni sarflab, o‘qiydigan joyingiz judayam professional bo‘lishi kerak. Sizning karyerangiz, kelajagingiz uchun juda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi kerak.

Xalqaro bozorda dasturchiman

IT’ni o‘rganishga to‘liq bir yilimni sarfladim. Deyarli ikki yildirki, xalqaro bozorda full stack web developer sifatida ishlab kelaman. Asosiy dasturlash tilim — Python. Faqatgina full stack web developer’lik bilan chegaralanmay, boshqa yo‘nalishlarga ham kirmoqchiman.

Foto: Ma’rifat Jamolovaning shaxsiy arxividan

Dastlabki ishim O‘zbekistonda bo‘lgan. Bu Sog‘liqni saqlash vazirligining IT-Med loyihasi edi. Ba’zi bir muammolar sabab u yerdan chiqib ketganman. IT sohasida odam ta’sirchan bo‘lmasligi kerak. Yuzlab ishga topshirishingiz mumkin va undan taxminan, 2-3 tasidan javob keladi. Aynan shunaqa holat o‘zimda ham bo‘lgan. Boshida turli platformalar orqali ko‘p ishga topshirganman.

Bu sohada ishga kirish menda boshqacharoq bo‘lgan. O‘zbekistonda ham, boshqa davlatlarda ham odatda portfolio, ya’ni sizning avval qilgan ishlaringiz asosida ishga qabul qilishadi. Men esa ish beruvchilardan avval bitta loyiha berib ko‘rishlari, agar qila olsam, shartnoma tuzib, ishni davom ettirishimizni aytardim. Shu tarzda xalqaro bozorga ham kirib bordim.

SAT — IELTSdan qiyin, murakkab va Amerika universitetlari uchun ayni muddao

SAT Amerika universitetlariga topshirmoqchi bo‘lganlarga judayam qo‘l keladi. Keling, SATni ko‘pchilik biladigan IELTS bilan taqqoslaymiz. IELTS — ingliz tilini qanchalik bilishingizni o‘lchab beradigan test hisoblanadi. SAT esa o‘quvchini kollej yoki universitet dasturiga qanchalik tayyorligini bildiruvchi test hisoblanadi. Unda matematika yoki ingliz tilidagi savollar har xil sohalarni o‘z ichiga olgan holda keng qamrovli bo‘ladi. Shu jihatdan IELTSdan anchagina qiyin.

SATdagi matematika va ingliz tili biz maktab yoki kollejda o‘rganadigan matematika, ingliz tilidan ancha farqli va qiyin bo‘ladi. Sababi — bu xalqaro imtihon emas. Ma’lum bir davlatning kollej yoki universiteti uchun imtihon sanaladi.

SATni 13 yoshdan boshlab topshirsa bo‘ladi. Amal qilish muddati ham yo‘q. Agarda AQSHning o‘zida yashasangiz, 55 dollar, boshqa davlatlarda yashasangiz, hududiy to‘lov sifatida 49 dollar qo‘shilib, jami 104 dollar to‘laysiz.

O‘rtacha 4-5 oy muddat shug‘ullanib, SATdan yaxshi natija qayd etish mumkin. Faqat o‘rganuvchida matematika va ingliz tilidan ma’lum baza bo‘lishi talab etiladi.

Amerikada, umuman, xalqaro doirada SAT uchun o‘rtacha ball 1150—1200. Men kunida kamida ikki yoki to‘rt soatdan shug‘ullanardim. Bu ham qanaqa bo‘lgan? Bir boshlaganda ikki soat yoki to‘rt soatga kirib ketib o‘rganmaganman. Masalan, Article mavzusini o‘rganmoqchimanmi, shunchaki yo‘lda, u-bu joyga ketayotganimda o‘qirdim. Agarda bitta ishni to‘rt soat davomida uzluksiz qilsangiz, o‘shanga bo‘lgan e’tiboringiz susayadi. Shundan keyin o‘qituvchilik faoliyatim boshlanib ketdi. Bir qancha vaqt o‘tgach IELTSga topshirib 8.0 oldim.

SAT mentori sifatida uch yildan beri faoliyat olib boraman. Birinchi marta imtihon topshirgan paytimdanoq individual darslar berib yurardim. Shuning uchun ham o‘quvchilarim soni 4-5 nafar bo‘lgan. Ular ham yaxshi natijalarga erishishgan. Masalan, o‘rtacha 1410 ball olishgan. Hozir Toshkentdagi “Al Madasa” o‘quv-markazidan ijaraga joy olib guruhlarda dars o‘taman. 35 dan ortiq o‘quvchim bor. Darslar intensiv tarzda, har kuni bo‘ladi. Chunki bizda ikkita fan bor, yanayam ancha qiyin va murakkab.

Prezident maktablari bilan ham shartnomam bor. Ertalablari onlayn tarzda ular bilan mashg‘ulot olib boraman. Oflayn darslarim 15:00-21:00 oralig‘ida bo‘lib o‘tadi.

Ma’rifat Jamolova Jizzaxdagi Prezident maktabi o‘quvchilari bilan

Foto: Shaxsiy arxivdan

Dasturchilik bilan esa bo‘sh vaqtlarimda shug‘ullanaman. Masalan, ertalab darsimni o‘tsam, uchgacha bo‘lgan vaqt orasida dasturchilik bilan shug‘ullanaman. Ko‘pincha darsdan keyin kelib ham maksimal ishlashga harakat qilaman.

Lekin ulgurmaslik muammosi katta. Ko‘p narsalarga qiziqaman. O‘zim yaqinda avtoelektika kursini tugatib chiqdim. Hozirda elektronika sohasini chuqurroq o‘rganishni boshlaganman.

Oliy maqsadim — yaxshi musulmon bo‘lish

Oilam tomonidan juda katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlov olganman. Dadam uchtalab universitetni tugatgan, matematik professorlar. Har shanba-yakshanba kunlari bizga vaqt ajratardilar. Siyosat, texnologiya yoki islomiy tarbiya bo‘lsin, istalgan mavzuda men ulardan bilim ola bilardim.

Erishganlarimda ayajonimning ham rollarini ta’kidlab o‘tishim lozim. Ular doim “Qo‘ling ishda, qalbing Allohda bo‘lsin”, “Hattoki poyabzalingning ipi uzilib ketsa ham, Allohdan so‘ra” deb ta’kidlab keladilar. Bular hayotim davomida eng katta motiv hamda erishganlarimning asl sababchilaridir.

Ma’rifat Jamolovaning shaxsiy arxividan

Kelajakdagi maqsadim muhandis bo‘lish. Muhandislar — odamlarning og‘irini yengil qilish uchun Alloh tomonidan yuborilgan insonlar deb o‘ylayman. Ular tanlanishi kerak emas. Kimdir faqat kompyuter uchun, kimdir tizimlar, qattiq qismlar uchun ishlaydi deb tanlanmasligi kerak.

Men ham umumiy injiniring bo‘yicha mutaxassis bo‘lmoqchiman. Shuning uchun ham ko‘plab ilmlarni o‘rganishga harakat qilaman. Dastlabki qadamni dasturchilikda boshladim. Keyin mashina sohasida davom ettirdim va hozir elektronikada olib ketyapman.

Oliy maqsadim — yaxshi musulmon bo‘lish. O‘zim bilan o‘zim tinch bo‘ladigan darajadagi yaxshi musulmon.

Suhbatning to‘liq variantini “Daryo”ning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ziyoda Ramazonova suhbatlashdi.

Tasvirchi va montajchi: Ma’murjon Obrahmatov