Ukrainada yashayotgan o‘zbekistonliklarni Polsha orqali mamlakatga evakuatsiya qilish ishlari davom etmoqda. 3-mart kuni soat 00:30 da O‘zbekistonga navbatdagi maxsus aviareys yetib keldi, deb xabar beradi Transport vazirligi.
Ma’lum qilinishicha, 2-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da Katovitse aeroportidan parvoz qilgan navbatdagi yettinchi maxsus reys 3-mart kuni soat 00:30 da Toshkentga yetib kelgan.
Ushbu yettinchi maxsus reys bilan Ukrainadan evakuatsiya qilingan 181 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga olib kelingan.
Ukrainadan evakuatsiya qilinayotgan o‘zbekistonliklarning dastlabki guruhi 28-fevral kuni, ikki guruhi esa 1-mart kuni Toshkentga yetib keldi. 2-mart kuni yana ikkita maxsus reys amalga oshirilgan. Katovitse shahridan Toshkentga 251 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan oltinchi samolyot 2-mart kuni soat 20:20 da kelib qo‘ngandi.
O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyevning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hududida bo‘lgan 1,5 ming nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarosi Polsha orqali evakuatsiya qilinishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston Transport vazirligining ma’lum qilishicha, Ukrainadan Polsha hududi orqali vatanga evakuatsiya qilingan fuqarolardan aviachiptalar uchun pul undirilmaydi.
Mavzuga doir:
- “Bomba portlashini kinoda ko‘rish bilan tanangda his qilish boshqa ekan” — shiddatli janglar kechayotgan Xarkovdan qaytgan o‘zbekistonliklar
- Vatandosh jamoat fondi O‘zbekiston fuqarolarini ogohlantirib, xorijdagi harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqirdi
- O‘zbekiston Kiyevdagi elchixonasini ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqmayapti — TIV