Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

19-fevral kuni Toshkent—Istanbul yo‘nalishida parvozni amalga oshirgan Uzbekistan Airways samolyoti Rossiya harbiy havo kuchlari harbiy mashg‘ulotlar olib borayotgan, fuqaro aviatsiyasi uchun yopilgan Qora dengiz akvatoriyasi havo hududidan yolg‘iz o‘zi uchib o‘tgani haqida flightradar24.com sayti ma’lumotlariga tayanilgan xabarlar tarqalgandi. “Daryo” ushbu xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida Uzbekistan Airways boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Umid Husanovdan izoh oldi.

Foto: Sputnik

Foto: Sputnik

Uning ma’lum qilishicha, HY-271 reysi 19-fevral kuni Toshkent—Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovni amalga oshirgan paytda parvozlarni cheklovchi aeronavigatsiya ma’lumotlari bo‘lmagan.

“Ushbu parvoz O‘zbekiston, Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Rossiya, Shimoliy Kavkaz, Qora dengiz va Turkiya havo hududlari bo‘ylab amalga oshirilgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Uzbekistan Airways ekipaji tomonidan bunday qaror qabul qilingan paytda ushbu yo‘nalishdagi parvozlarni cheklovchi aeronavigatsiya ma’lumotlari mavjud emas edi. Qora dengiz ustidan havo kemalari harakati xavfsizligi Rossiya havo harakatini nazorat qilish organlari (Rostov havo harakatini nazorat qilish markazi) va Turkiya (Anqara parvoz ma’lumoti hududi) tomonidan uzluksiz ta’minlangan. Ro‘yxat raqami UK75701 bo‘lgan Boeing 757 havo kemasi ekipaji Rostov havo harakatini nazorat qilish markazining dispetcheri bilan aloqaga chiqib, Qora dengiz havo hududidan foydalanish uchun ruxsat olgan hamda parvozni shu yo‘nalish bo‘yicha davom ettirgan”, — deydi Umid Husanov.

U, shuningdek, 19-fevral kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi havo kemasidan tashqari Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Iroq va boshqa davlatlarga tegishli aviakompaniyalarning samolyotlari ham yuqorida ko‘rsatilgan hududda parvozni amalga oshirganini ham qo‘shimcha qilgan.

Umid Husanovning ta’kidlashicha, aviakompaniya har bir aviaqatnovning parvoz yo‘nalishini belgilangan xavfsizlik talablari asosida, barcha davlatlarning havo maydonidagi vaziyatni batafsil tahlil qilish orqali tanlaydi. Agar ma’lum bir cheklovlar mavjud bo‘lsa, aviakompaniya ekipaji ushbu hududni chetlab o‘tish uchun muqobil yo‘nalishlarni tahlil qilib chiqadi va yakuniy qaror qabul qiladi.

“Uzbekistan Airways aviakompaniyasi faoliyatida asosiy mеzon bu — yo‘lovchi va parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘lib qoladi. Shuni ta’kidlash joizki, HY-271 aviareysida parvoz qilgan 155 nafar yo‘lovchining hayotiga hech qanday xavf tug‘ilmagan. Bizning reysimiz belgilangan jadval va xavsiz xizmat ko‘rsatish bo‘yicha barcha xalqaro standartlar asosida amalga oshirilgan.

O‘z navbatida, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yo‘lovchilar xavfsizligiga oid tasdiqlanmagan axborotlarni tarqatganlik uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tmoqchiman”, — deya so‘zlarini yakunlagan  Uzbekistan Airways boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Oxirgi 100 yil ichida sodir bo‘lgan dunyodagi eng kuchli 10 ta zilzila (video+foto)
Dunyo
Polsha bosh vaziri Ukrainadagi urush uchinchi jahon urushiga aylanishini prognoz qildi
Mahalliy
O‘zbekistonda dollar kursi yana oshdi