AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlash uchun yangi dasturini ishga tushirdi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, besh yilga mo‘ljallangan dasturning umumiy qiymati 10 million dollarga teng.
“USAID O‘zbekiston hukumatini inson kapitali salohiyatini rivojlantirish yo‘lida olib borayotgan ishlarida qo‘llab-quvvatlaydi, hamda mamlakat yoshlarini mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelishida o‘z hissasini qo‘shish imkoni yaratilganidan juda mamnun”, — deydi USAID’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Mikaela Meredit.
Yangi tashabbus 2022-yil yanvar oyida boshlangan bo‘lib, maktabning 8—11-sinf o‘quvchilariga O‘zbekiston iqtisodiyotida malakali ishchi yoki tadbirkor sifatida ishlash uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini beradi.
Dastur maktabda va maktabdan tashqarida o‘quvchilarni maktabni bitirganlaridan so‘ng ishga muvaffaqiyatli o‘tishni ta’minlashga qaratilgan. Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari tomonidan amalga oshirilayotgan dastur qizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joylaridagi rollarini yanada oshirishga, ularning salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan.
Dastur, shuningdek, xususiy sektor bilan yaqindan hamkorlik qilib, Xalq ta’limi vazirligi xodimlarining dasturning har bir bosqichida ishtirok etishi va uning barqarorligini ta’minlash uchun salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Amerika kengashlari ushbu tashabbusning barcha jabhalarida USAID’ning ta’lim bo‘yicha asosiy hamkori Xalq ta’limi vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Shuningdek, dasturning muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun xalqaro va mahalliy tashkilotlar jamoasini loyihaga jalb qiladi. Yoshlar mehnat resurslarini rivojlantirish va tadbirkorlik sohasida global darajadagi tajribaga ega bo‘lgan texnik hamkor sifatida — World Learning xalqaro tashkiloti xizmatlaridan foydalaniladi.
Loyihaning besh yili davomida Amerika kengashlari mehnat bozorining o‘ziga xos ehtiyojlarini tushunish, natijalarni monitoring qilish va ularni baholash, ayollar va qizlar va nogironligi bor shaxslarni mehnat bozoriga jalb etilishini ta’minlash uchun mahalliy ekspertlar bilan ishlaydi. Shuningdek, maslahatchi, murabbiy sifatida jalb etiladigan va amaliyot o‘tash joylarini ta’minlaydigan kompaniyalar, xususiy sektor bilan ishlashda davlat idoralariga ko‘maklashadi.
Eslatib o‘tamiz, USAID O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha 2,5 million dollar ajratgan. Shuningdek, maktablariga qiymati 10 million dollarlik 385 mingta kitob taqdim etgan va Sog‘liqni saqlash vazirligiga sil kasalligini aniqlash uchun 30 ta GeneXpert uskunasini sovg‘a qilgan.
Mavzuga doir:
- Yaponiyaning JICA tashkiloti O‘zbekiston madaniy merosini arxivlash va raqamlashtirishga 490 ming dollar ajratadi
- OIIB O‘zbekistonda pandemiya davrida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 200 mln dollar ajratdi
- Hindiston infratuzilma va ta’limni rivojlantirish uchun O‘zbekistonga 448 million dollar ajratadi