AOKAda 1-fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda masofaviy ta’lim davrida elektron Kundalik platformasidan foydalanish yuzasidan kelib tushgan savollar yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova batafsil ma’lumot berdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, ota-onalar onlayn ta’lim jarayonida farzandlarining “Kundalik.com” tizimiga uyga vazifalarini yuklashida muammolar yuzaga kelayotgani sabab o‘qituvchilar tomonidan baholar pasaytirilayotganini ma’lum qilib, vaziyatga yechim so‘ragan.
Laylo Rustamova bunga quyidagicha javob bergan:
“Dastlab aytish joizki, Xalq ta’limi vazirligi ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda o‘qituvchi va ota-onalarga qulaylik tug‘dirish maqsadida masofaviy ta’lim davri yakuniga qadar elektron Kundalik platformasi bilan bog‘liq bir qator cheklov va talablarni bekor qilmoqda.
Yuqoridagi savolga qaytadigan bo‘lsak, endilikda o‘qituvchilar uyga vazifalarni o‘quvchi va ota-onalar bilan kelishgan holda ‘Kundalik.com’ tizimi yoki istalgan boshqa ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yordamida qabul qilishlari mumkinligini ma’lum qilamiz. Bunda televideniye orqali efirga uzatilayotgan fanlar doirasida o‘qituvchilar tomonidan berilayotgan uyga vazifalar ‘Onlayn-maktab’ televizion dasturi orqali efirga uzatilayotgan darslariga mos bo‘lishi lozim.
Uyga vazifa topshirilgandan keyin o‘qituvchilar tomonidan ularni baholash va qo‘yilgan baholarni ‘Kundalik.com’ tizimiga yoki tizim joriy qilinmagan maktablarda bosma shakldagi sinf jurnallariga qo‘yish uchun besh kun muddat beriladi”.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda xalq ta’limi tizimidagi barcha maktablarga oid ma’lumotlar yagona platformaga birlashtiriladi
- O‘zbekistonda kelgusi besh yilda maktablarda qo‘shimcha 1,2 mln o‘quvchi o‘rni yaratilib, darsliklar yangilanadi
- “Dars soatlari ortidan quvmoqchi emasmiz” — Respublika ta’lim markazi direktori