O‘zbekistonda 2022—2026-yillarda viloyat, tuman va shahar hokimlarining asosiy vazifasi maktab ta’limi sifatini oshirish, kelgusi besh yilda maktablarda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish hamda darsliklarni yangilashdan iborat bo‘ladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Qayd etilishicha, bu borada 2022-yilda darsliklarni yangilashga ajratilayotgan 600 milliard so‘mdan samarali foydalanish zarur.

Viloyat hokimlari Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birga, barcha hududlarda davlat va xususiy bog‘chalarni ko‘paytirish orqali maktabgacha ta’limning qamrov darajasini 67 foizdan 80 foizga yetkazishi kerak.

2022-yildan boshlab, oliy ta’lim, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim vazirlari qurilish-ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanmasligi, qurilish ishlari bilan joylarda hokimliklar shug‘ullanishi aytilgan.

“Bu vazirliklarning asosiy vazifasi yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya, ma’rifat va madaniyat berish bo‘ladi”, — deydi prezident. Ayni masalada bosh vazir bir oy muddatda ushbu talabni amalga oshirish bo‘yicha tegishli qaror loyihasini kiritishi belgilangan.

Shuningdek, Oliy ta’lim vazirligi kelgusi besh yilda kamida 10 ta oliygohni nufuzli xalqaro reytinglarga kirishini ta’minlashi shartligi, viloyat hokimlari xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etishi zarurligi ma’lum qilingan.