Inson bu dunyoda hamisha orzu-havas bilan yashaydi. Kimdir qimmatbaho mashinalar, ikki qavatli dacha va villalarni orzu qilsa, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Gulbog‘” mahallasi aholisi shunchaki ko‘chalari asfalt bo‘lishini orzu qilmoqda.
Chunki ular bu yerda yozda chang-to‘zon, yog‘ingarchilik kunlarda esa loydan aziyat chekishadi.
“Gulbog‘” mahallasi Saxiy ko‘chasi ko‘chaboshisi Murod Akbarovning bizga ma’lum qilishicha, ular mavjud holatdan shikoyat qilib, bir necha bor murojaat yo‘llashgan. Lekin bu murojaatlarning samarasi bo‘lmayapti.
Bundan tashqari, mahalla ko‘chalari tunda yoritilmaydi. Bu esa aholiga yana qo‘shimcha noqulayliklar yaratadi.Qorong‘i tushishi bilan nafaqat bolalar, katta yoshdagi insonlar ham ko‘chaga chiqishga qo‘rqadi. Ko‘chada tizza barobar daydi itlar yuradi, — deydi Murod Akbarov.“Gulbog‘”dagi yana bir muammo aholini qiynamoqda. Bu ko‘cha oxirida tadbirkor issiqxona qurdirgan bo‘lib, mazkur issiqxonaga kirib-chiqadigan katta yuk mashinalari o‘zi abgor ko‘chani yanada yomon ahvolga keltirmoqda.
Tadbirkor katta ko‘chadan issiqxonaga alohida yo‘l ochish xarajatlaridan qochib, mahallaning ichki ko‘chalaridan foydalanmoqda. Yozda yuk mashinalari tuproq ko‘chani changitib o‘tganda uylarimiz changga to‘lib ketadi. Yog‘ingarchilik kunlarda esa mashina ballonlaridan loy sachraydi. Tadbirkorga bir necha bor murojaat qilganimizga qaramay, bizning so‘zlarimizga ahamiyat bermayapti, — deydi mahalla aholisi.
Biz mahalla fuqarolarining shikoyatlarini eshitganimizdan so‘ng, “Gulbog‘” mahallasi raisini izlashga tushdik. Mahalla aholisining so‘zlariga ko‘ra, rais bu ko‘chaga deyarli kelmaganidan uni tanishmas ham ekan.
Mahalla raisining qo‘l telefoniga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz ham besamar ketdi. Keyin so‘rab-surishtirib, mas’ul odamni topdik.
Gulnora Jamolovaning bizga ma’lum qilishicha, u shu paytga qadar “Gulbog‘” mahallasi raisi o‘rinbosari sifatida ishlagan. Hozirda mahalla ikkiga bo‘linib, yarmi Bektemir tumani ixtiyoriga o‘tayotgan ekan. “Gulbog‘” mahallasi raisi o‘sha Bektemir tumanidagi mahallada faoliyatini davom ettirishi ma’lum qilindi. Gulnora Jamolova esa hozirda yarmi bo‘lingan “Gulbog‘” mahallasiga mas’ul ekan.
Mahalladagi muammolardan xabarimiz bor. Bu yer garchi “Obod mahalla” dasturiga kiritilmagan bo‘lsa ham, shu yil ko‘chalari asfalt qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, tez orada yoritish tizimi ham o‘rnatiladi. Bu ishlarni ikkinchi yo uchinchi chorakda to‘liq yakunlashni rejalashtirganmiz. Issiqxona qurgan tadbirkor bilan ham tushuntirish ishlari olib boramiz. Tadbirkorlarimiz pandemiya paytida mahallamizga ko‘p yordam berishdi. Ulardan aholiga aziyat yetkazmaslikni so‘rab, vaziyatni tushuntirsak, albatta, tushunishadi”, — dedi Gulnora Jamolova.Berilgan va’dalarga ishonamiz, ko‘rsatilgan muddat kelganida “Gulbog‘” obod mahallaga aylanishiga umid qilamiz. Ungacha esa kutamiz.
Agar sizning mahallangizda ham mana shunday muammolar bo‘lsa, bizga @daryo_livebot orqali murojaat qiling. Biz mutasaddilarning e’tiborini mazkur muammolarga qaratishga va ularning yechimini izlashga urinib ko‘ramiz.